20.02.2024
Qizilcha bu — burun va tomoq shilliq pardalarini zararlaydigan kasallik boʻlib, odatda teri toshmasi bilan birga keladigan kasallik. Bu yuqumli kasallikni streptokokklar guruhiga kiruvchi bakteriya yuzaga keltiradi. Garchi bu kasallikning oʻzi hozirgi vaqtda jiddiy deb hisoblanmasa-da, qizilchadan keyin boshqa jiddiy kasalliklar paydo boʻlishi mumkin. Ularning eng jiddiy ikkitasi — revmokardit va nefrit (buyrak kasalligi). Qizilcha koʻpincha qishda sodir boʻladi. Qizilcha holatlarining yarmi 3 yoshdan 8 yoshgacha boʻlgan bolalarda, 90 foizi esa 15 yoshgacha boʻlgan bolalarda uchraydi. Bir bor qizilcha bilan ogʻrigan odamda unga qarshi immunitet paydo boʻladi.
Koʻpchilik oʻzi kasal boʻlmagan holda burun va tomogʻida joylashgan bu kasallik bakteriyalarining tashuvchisi hisoblanadi. Ular yoʻtalish yoki aksirish orqali bakteriyani boshqa odamlarga yuqtiradi. Qizilcha yuqtirib olgan kishida kasallik 2–5 kun oʻtgach, tana haroratining koʻtarilishi, titroq va qayt qilish bilan namoyon boʻladi. Shu bilan birga, tomoqda kuchli ogʻriq paydo boʻladi. U qizarib shishadi va oq dogʻlar bilan qoplanadi. Til ham qizaradi va unda kichik shishlar paydo boʻladi.
Ikkinchi kuni butun tana, qoʻllar va sonlarga mayda qip-qizil dogʻlar tosha boshlaydi. Bu toshma bakteriyalarning zaharli ajratmalari tufayli paydo boʻladi. Bu toksik modda terining mayda qon tomirlariga zarar yetkazib, ularni kattalashtiradi. Yetti-sakkiz kundan keyin toshma oqara boshlaydi va harorat pasayib, tomoq tozalanadi. Tovon va kaftlarning terisi ajralib tusha boshlaydi. Kasallikning ikkinchi haftasida yuz va tanadagi terining katta qismi shoʻralaydi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.