Bodomsimon bezlar qanday vazifa bajaradi?

Koʻpchilik tilning orqasida va tomoqning ikki tomonida joylashgan atigi ikkita bodomsimon bezi bor deb hisoblaydi. Aslida unday emas. Turli oʻlchamdagi, bir necha juft bodomsimon bezlar mavjud. Bodomsimon bezlar — limfoid deb ataladigan maxsus toʻqimalarning kichik boʻlaklari. Ular tomoqdagi joylashuvi tufayli alohida vazifaga ega. Ular burun va ogʻiz orqali tanaga kiradigan infeksiyalarga qarshi birinchi mudofaa chizigʻini tashkil qiladi.

Tanglay yaqinida joylashgan bodomsimon bezlarning eng katta jufti tanglay bodomsimon bezlari deb ataladi. Tomoqda biroz yuqoriroqda kichikroq bodomsimon bezlar bor. Ular adenoidlar deb ataladi. Bodomsimon bezlarning maydaroq yana bir jufti til orqa qismining pastki yuzasi ostida joylashgan, shuningdek, ular halqumning orqa qismida ham bor. Bodomsimon bezlar ham xuddi ogʻiz boʻshligʻidagidek yumshoq qoplamaga ega. Bodomsimon bezlarda bu qoplama ichkariga choʻkib, kriptlar deb ataladigan uzun, tor chuqurchalarni hosil qiladi. Bu kriptlar ogʻiz orqali kelayotgan mikrob va boshqa zararli moddalarni ushlab qoladi. Mikroorganizmlar qonning oqqon hujayralari tomonidan oʻrab olinadi va ularni yoʻq qilishga yordam beradi. Shuning uchun infeksiyalarga qarshi kurashish bodomsimon bezlarning oddiy ishidir.

Baʼzida mikroblar bodomsimon toʻqima ichida faollashadi va bu butun bodomsimon bezning yalligʻlanishiga olib kelishi mumkin. Bu yalligʻlanish tonzillit deb ataladi. Bodomsimon bezlarning biri yoki ikkalasi ham kattalashadi, qizarib, ogʻriq beradi. Kriptlar shishadi va baʼzida ulardan quyuq yiring ajralib chiqadi. Bu — oʻtkir tonzillit. Bu infeksiya toʻsatdan paydo boʻladi va odatda 4—5 kundan keyin oʻtib ketadi. Oʻtkir tonzillit oʻsmirlik davriga qaraganda erta bolalik davrida tez-tez uchraydi. Bundan tashqari, u qish oylarida, shamollash xavfi yuqori boʻlgan paytlarda tez-tez uchraydi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!