Nechta galaktika bor? 

Koinot boʻylab sochilib ketgan, galaktika deb nomlanadigan ulkan yulduzlar toʻdasi mavjud. Bizning Quyosh esa milliardlab yulduzlardan tashkil topgan Somon yoʻli galaktikasidagi yulduzdir. Yorugʻlik galaktikamizning bir burchidan ikkinchisiga yetib borishi uchun yuz ming yil kerak boʻladi (yorugʻlik esa yiliga 9 500 000 000 000 kilometrni bosib oʻtadi). 

Astronomlar teleskoplar yordamida bizning galaktikamizdan boshqa yana millionlab galaktikalar borligini aniqlashgan. Bizga maʼlum galaktikalarning asosan 3 turini ajratishadi. Somon yoʻli kabi spiral shaklga ega boʻlgan galaktikalar spiralsimon galaktikalar deb ataladi. 

Ularning eng yaqini Yerdan taxminan ikki million yorugʻlik yili uzoqlikda joylashgan. Bu Аndromeda yulduzlar turkumidagi katta spiralsimon galaktikadir. 

Kuzatilgan eng yorqin galaktikalarning 17 foizga yaqinini elliptik galaktikalar tashkil etadi (ellips choʻzinchoq aylanaga oʻxshaydi). Bu galaktikalar asosan yulduzlardan tashkil topgan va ularda gaz hamda chang kam boʻlishi yoki umuman boʻlmasligi ham mumkin. Baʼzi galaktikalar muayyan shaklga ega boʻlmagani uchun notoʻgʻri galaktikalar deb ataladi. Bunday galaktikalar yulduzlar, chang va gazlardan tashkil topgan. Somon yoʻliga eng yaqin ikki galaktika notoʻgʻri galaktikalar turkumiga mansub. 

Shu bilan birga “mitti” deb ataladigan bir nechta kichik galaktikalar ham mavjud. Ulardan eng kichiklarining oʻlchami bir necha yuz yorugʻlik yiliga teng boʻlib, bir necha ming yulduzlardan tashkil topgan. 

Koinotda katta galaktikalarga nisbatan “mitti”larining koʻp boʻlishi ehtimoldan xoli emas. Galaktikalar bir-biridan yuz minglab yorugʻlik yili uzoqligida joylashgan. Ular odatda guruh holida yoki bir necha oʻndan minglab galaktikalardan iborat klasterlar holida mavjuddir. Kuzatish mumkin boʻlgan eng uzoq klasterlar Somon yoʻli galaktikamizdan trillion yorugʻlik yili uzoqlikda joylashgan. Yerdan shu darajada uzoq galaktikalar borki, ulargacha boʻlgan masofani tasavvur qilishning oʻzi nihoyatda qiyin. Shuning uchun ham “Koinotda nechta galaktika bor?” degan savol hamisha jumboqligicha qolaveradi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!