Quyosh toji nima?

Siz Quyosh tutilishi muhrlangan suratni koʻrganmisiz? Unda Quyoshning qora gardishi atrofida notekis nurlanish koʻzga tashlanadi. Mana shu nurlanish toj deb ataladi. Toj nimaligini tushunish uchun biz avval Quyosh haqida ozmi-koʻpmi maʼlumotga ega boʻlishimiz kerak. Boshlanishiga Quyoshning sirti Yer kabi qattiq emasligini bilish kifoya. Uning yuzasi biz kuzatishimiz mumkin boʻlgan yagona narsa — gazlardan tashkil topgan.

Chindan ham Quyosh uning ostida nima borligini yashiradigan toʻrt qavat gazsimon modda bilan oʻralgan. Ichki qatlam fotosfera deb ataladi. Keyingi ikki qatlam qarama-qarshi qatlam va xromosfera sifatida maʼlum. Ular birgalikda Quyosh atmosferasini hosil qiladi. Tashqi qatlam esa tojdir.

Keling, ushbu gazsimon qatlamlar nimaligini koʻrib chiqsak. Fotosfera (yoki yorugʻlik sferasi) — bu biz Quyoshga qaraganda koʻradigan narsamiz. Koʻpincha Quyoshning yorqin yuzasida qora dogʻlar kuzatiladi. Gaz bugʻlaridan tashkil topgan “qarama-qarshi qatlam” fotosferadan bir necha yuz kilometrga tarqaladi. Ushbu qatlam koʻrinmaydi, lekin uni spektrograf deb nomlangan asbob yordamida oʻrganish mumkin.

Qarama-qarshi qatlamning ortidan xromosfera yoki rangli sfera keladi. Uning qalinligi taxminan 14 400 km boʻlib, asosan vodorod va geliydan tashkil topgan. Toʻliq tutilish paytida u qorongʻi gardish atrofida yorqin qizil alanga boʻlib nur sochadi.

Ushbu qizil chegaradan million kilometrdan ortiq balandlikka xuddi oʻsha tarkibdagi olovli bulutlar tashlanadi. Ular protuberanets deb ataladi va ulkan olov chaqnashlariga oʻxshaydi. Keyin “toj” deb ataladigan tashqi qatlam keladi. U gazsimon moddadan tashkil topgan va ikki qismdan iborat. Qizil xromosferadan keyin keladigan ichki toj — och sariq rangdagi chiziqdir. Tashqi toj — oq rangda boʻlib, oqimlar chetidan millionlab kilometrlarga oʻtadi. 

Quyoshni oʻrab turgan qatlamlarning tavsifi shunday. Ularning ostida nima borligi hozirgacha jumboq boʻlib qolmoqda.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!