20.02.2024
Bundan bir necha asr muqaddam insonlar Yer harakatsizligiga, Quyosh, Oy va yulduzlar esa uning atrofida aylanishiga ishonishgan. Ular nega bunday oʻylashganini tushunish qiyin emas. Har holda hammasi shunday koʻringan. Hech kim Yer aylanishini sezmagan. Аgar Yer aylansa, nega uning ustidagi narsalar sochilib, okeanlardagi suvlar toʻkilib ketmaydi?
Endilikda biz Yer ikki yoʻnalishda aylanayotganini bilamiz — u Quyosh va oʻz oʻqi atrofida aylanadi. Buni sezmasligimizning sababi shundaki, biz ham Yer yuzasi bilan birga harakatlanamiz. Bizni okeanlardagi suvlar kabi gravitatsiya, yaʼni Yerning tortishish kuchi tutib turadi.
Yerning aylanishi biz kuzatadigan va sezadigan koʻpgina narsalarda koʻrinadi. Аynan Yerning aylanishi tun va kun almashishini keltirib chiqaradi. Аgar u aylanmaganida, uning Quyoshga qaragan tomonida hamisha kunduz, orqa tomonida esa doim tun hukm surgan boʻlar edi. Аmmo Yerning har bir nuqtasi 24 soat ichida avval Quyosh nuri tushadigan tomonda, soʻngra qorongʻi tomonda boʻladi.
Yerning biz “seza olmaydigan”, ammo hayotimizni oʻzgartiradigan yana bir muhim harakati bu — Yerning Quyosh atrofida aylanishidir. Аynan shu harakat yil fasllari almashinuviga sabab boʻladi, siz esa har mavsumda hayotimiz qanday oʻzgarishini bilasiz. Quyosh atrofidagi bu sayohat 365,25 kun, ya’ni tariximiz, hayotimiz va boshqalarning oʻlchovi boʻlgan yil boʻyi davom etadi.
Yil fasllari almashinuvi Yer oʻqining qiyaligi bilan bogʻliq. U vertikal boʻyicha 23,5 gradusni tashkil qiladi. Har bir qutb yarim yil davomida Quyoshga, qolgan yarim yilda esa undan teskari tomonga qiyalagan boʻladi. Aynan shu sababli 6 oy davomida Yerning shimoliy qismi quyosh nuri va issiqlikni koʻproq (unda yoz fasli boʻladi), keyingi oylar davomida esa quyosh nurini kamroq (bu yil fasllarining nisbatan sovuqroq pallasi) oladi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.