20.02.2024
Osmondagi ogʻirkarvon bulutlarga koʻzimiz tushishi bilan tez orada yomgʻir yogʻishini taxmin qilamiz. Biz bulutlar yomgʻir yogʻishi uchun zarur boʻlgan birdan-bir vosita deb oʻylashga moyilmiz, ammo aslida yomgʻir — uzoq va murakkab jarayon natijasidir. Yomgʻir yogʻishi uchun Quyosh, Yer va atmosfera bir-biriga oʻzaro ta’sir etishi kerak. Hamma narsa Quyosh Yerni qizdirishidan boshlanadi. Bu okean, dengiz, koʻl va daryolardagi suvlarning suv bugʻiga aylanishiga sabab boʻladi. Suv bugʻi havo bilan aralashadi. Bu jarayon bugʻ hosil boʻlishi deb ataladi.
Yuqoriga koʻtarilayotgan iliq havo atmosferaga suv bugʻini olib keladi, bu yerda u tarqalib, soviydi. Shundan keyin iliq havo suv bugʻi koʻrinishidagi koʻrinmas yukining bir qismidan xalos boʻladi va bulut hosil boʻlishiga sababchi boʻladi. Bu jarayon kondensatsiya deb ataladi. Bulut ichidagi uvoqqina tomchilar namni yigʻishi ortidan tobora kattalashib boraveradi. Nihoyat, tomchilar shunchalik kattalashadiki, endi ularni yuqorida havo oqimlari tutib turolmaydi va ular yomgʻir koʻrinishida yerga tushadi.
Endi nega yomgʻirning hosil boʻlish jarayoni faqat ma’lum bir vaqtda roʻy berishini koʻrib chiqaylik. Bu jarayonning birinchi bosqichi — bugʻlanish — kun davomida deyarli doimo sodir boʻladi. Suv bugʻi atmosferaga koʻtariladi. Аmmo koʻrinmas bu bugʻ har kuni ham oʻta mayda tomchilardan tarkib topgan va koʻzga koʻrinadigan bulutlarga aylanavermaydi, chunki bugʻ kondensatsiyalanishi uchun yuza kerak. Аgar havoda chang zarrachalari oz boʻlsa yoki boʻlmasa, kondensatsiya yuz bermaydi.
Tomchilar paydo boʻlishiga muz va qorning mayda kristallari ham yordam berishi mumkin. Odatda, yomgʻir yogʻishi uchun iliq havo massasining sovuq havo massasi tomon yoki aksincha harakati talab etiladi. Iliq havo massasi tarkibida bulut va namlik bor, ular sovuq havo massasi ta’sirida sovigach, suv tomchilari hosil boʻladi va yerga yomgʻir boʻlib tushadi. Shuning uchun ob-havo prognozlari har doim havo massalarining harakati haqida eslatib turadi. Ular bizga yomgʻir yogʻishi yoki yogʻmasligidan darak beradi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.