20.02.2024
Yer yuzida koʻplab iqlim turlari mavjud. Аytgancha, iqlim bu — aniq davr uchun aniq bir joyda harorat, namlik, shamol va quyosh nuri koʻrsatkichlarining kombinatsiyasi. Dunyo iqlimi ma’lum bir hududning geografik kengligi va u yerda oʻsadigan oʻsimliklar boʻyicha tasniflanishi mumkin. Oʻsimliklarning oʻsishi uchun turli miqdorda namlik va issiqlik talab qilinadi. Shuning uchun ma’lum bir hududning oʻsimliklari bizga uzoq vaqt davomida harorat va yogʻingarchilik haqida ma’lumot beradi. Iqlimning beshta asosiy turi ajratiladi, ular, oʻz navbatida, yana kichik turlarga boʻlinadi.
Tropik, subtropik, oʻrta kenglik, yuqori kenglik va baland togʻli iqlim turlari mavjud. Biz tropik iqlimni 30° shimoliy va 30° janubiy kenglik orasidagi hududlarda topamiz. Tropik nam oʻrmonlar (ekvatorga eng yaqinlari) yil davomida issiq va nam boʻladi. Tropik zonada: tropik nam kontinental iqlim; iqlimi oʻrmonlar uchun juda quruq boʻlgan tropik savannalar; tropik dashtlar (u yanada quruqroq) va tropik choʻl iqlimi ajratiladi.
Subtropik iqlim shimoliy va janubiy kengliklarda 30 va 40 daraja orasida ustunlik qiladi. Bu yerda biz issiq, quruq yozi va yumshoq, nam qishi bilan ajralib turadigan Oʻrta yer dengizi iqlimi; oʻrmonlarning oʻsishi uchun qulay, yilning hamma mavsumida yogʻingarchilik doim yetarli boʻlgan yozi qaynoq va qishi yumshoq nam subtropik iqlimga duch kelamiz. Oʻrta kenglikdagi iqlim shimoliy va janubiy kengliklarning 40 va 60 daraja oʻrtasida boʻlgan mintaqalari uchun xosdir. Bu yerga Shimoliy Аmerikaning gʻarbiy sohilidagi dengiz iqlimi; salqin dasht va salqin choʻl iqlimi; nam kontinental iqlim kiradi, ularning har biri turli oʻsimliklar va turli miqdordagi yogʻingarchilik bilan ajralib turadi.
Yuqori kenglikdagi iqlim 60 daraja shimoliy va janubiy kenglikdan qutblargacha boʻlgan mintaqa uchun xos. Bu yerda qishda juda sovuq, yozda esa salqin boʻladi. Ushbu hududda tayga iqlimi hududi (u yerda qishda juda sovuq); oʻtlar, moxlar va lishayniklargina oʻsa oladigan tundra iqlimi; faqat ulkan muzliklar boʻladigan qutb iqlimi hukmronlik qiladi. Baland togʻli iqlim butun yer yuzidagi barcha togʻlardagi baland joylar, shu jumladan, ekvator uchun ham xosdir.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.