20.02.2024
“Tundra” atamasi fin tilidan kelib chiqqan boʻlib, “hosil bermaydigan yer” yoki “dushmanlik ruhidagi hudud” degan ma’noni anglatadi. U odatda Аrktikaning oʻrmonsiz mintaqasiga nisbatan ishlatiladi. Аlbatta, tundra yashash uchun qulay joy emas. U yerda daraxtlar yoʻq, qishda harorat juda past boʻladi, yozda esa oʻrtacha harorat bor-yoʻgʻi 10 darajani tashkil qiladi. Yomgʻir juda kam yogʻadi, yil boʻyi kuchli shamollar esadi. Shunday sharoitlarga qaramay, tundrada turli hayot shakllari bor va bunday sharoitlarda kimlar omon qolishi sizga qiziq boʻlsa kerak.
Tundradagi oʻsimliklarga toshlarning sirtini qoplab oladigan lishayniklar, toshlarning yoriqlarini toʻldiradigan va shagʻaltoshlar orasiga oʻsib kiradigan yoʻsin, shuningdek, oʻtlar va oʻt-oʻlanlarga oʻxshash oʻsimliklar hamda ayrim butalar kiradi. U yerdagi oʻsimliklarning aksariyati koʻp yillik boʻlib, ularning bir hududdagi turi juda oz. Hayvonlar soni ham koʻp emas.
Tundrada lemminglar, hoʻkizqoʻylar va oq ayiqlar yashaydi. Koʻp qushlar joʻjalarini tundrada ochib chiqadi. Yoz oylarida uzoq davom etadigan yorugʻ kun qushlarga koʻp soat davomida ozuqa yigʻish va polaponlarning katta toʻdasini boqish imkonini beradi. Tundrada oʻrdaklar, gʻozlar va loyxoʻraklar koʻp. Tundradagi tuproq qatlami juda yupqa. U abadiy muzliklar ustida yotibdi. Yozda muzlikning yuqori qatlami erishi bilan oʻsimliklarning tomirlari va bakteriyalar jonlanib qoladi. Tundra mintaqasi bitta aniq kenglikdan boshlanmaydi. U turli qit’alarda turlichadir. Аmmo tundraga borib qolsangiz, Yerning eng shafqatsiz mintaqalaridan birida ekanligingizni tushunib yetasiz.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.