20.02.2024
Tamaki oʻsimligining boʻyi 1–2 metrgacha boradi. Yaproqlari katta, uzunasiga 0,5–1 metrga yetadi. U tarkibida yelimga boy sharbat saqlovchi uzun yumshoq tukchalar bilan qoplangan. Bu oʻsimlikni yetishtirish usullari koʻp, ammo har biri alohida parvarishni talab qiladi. Tamaki urugʻi ekishdan oldin oʻgʻit va don bilan aralashtiriladi yoki chigit bilan oziqlantiriladi. Iqlimi issiq mintaqalarda koʻchatlar ekilgan joʻyaklar paxtali mato bilan yopiladi.
Sovuq mintaqalarda esa issiqxonalarda oʻstiriladi. Koʻchat 6–10 hafta mobaynida 20 santimetrgacha oʻsadi. Har bir oʻsimlik 4–6 ta barg yozadi. Koʻchatlar oldindan oʻgʻit berib tayyorlangan dalaga koʻchirib ekiladi. Oʻsimlik gulga kirgach, tepa qismi, ya’ni urugʻkurtak boshchasi olib tashlanadi. Natijada barglar baquvvat va rangi tiniq boʻladi. Koʻchat oʻtqazilgandan 3–4 oy oʻtib, oʻsimlik yigʻib olishga tayyor boʻladi. Uni yigʻib olishning ikki turi qoʻllaniladi: barglarni navbatma-navbat kesib olish va tamaki poyasini qirqish. Birinchi usulda barg yetilgach, har biri alohida kesib olinadi. Har hafta oʻsimlikdan 2–4 dona barg ajratiladi. Bu jarayon 5–8 hafta davom etadi. Ikkinchi usulda oʻsimlik tag-tubi bilan kesib olinadi.
Tamaki yigʻib olingandan soʻng, barg kerakli rangga kirguncha quritiladi. Tamaki bargi issiqlikda, havoda yoki quyoshda quritiladi. Issiqlik bilan quritilganda, yashil barglar issiqlik bilan isitiladigan kichik shiyponlarga osib qo‘yiladi. Poyasi bilan kesib olingan tamaki ochiq havoda quritiladi. Tamakining boshqa turlari tayoqlarga bogʻlanadi va quyosh ostida quritiladi. Tamaki tayyorlashning soʻnggi bosqichi — yetilishdir. Bu bosqich bargni yumshatish va tamaki ta’mini yaxshilash uchun zarur.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.