20.02.2024
Inson sutemizuvchilarga mansub va barcha sutemizuvchilarning tuki yoki juni bor. Boshqa hayvonlar misolida tuklarning qanchalik foydali ekaniga ishonch hosil qilishimiz mumkin. Eng muhim jihati shundaki, tuklar tana issiqligini ushlab turadi. Tuklar tropik hayvonlarni quyoshning toʻgʻridan-toʻgʻri nurlaridan himoya qiladi. Ayrim hayvonlarning uzun yoli ularning boʻynini muhofaza etadi. Jayraning tuklari esa dushmanlari bilan kurashishga yordam beradi. Lekin odamga tuklar nega kerak?
Avvalo, shuni aytib oʻtish kerakki, tugʻilganda chaqaloq yumshoq paxmoq tuk bilan qoplangan boʻladi. Bola oʻsib ulgʻaygan sayin uning tuklari voyaga yetgan kishining tuk qoplamasiga aylanib boradi. Voyaga yetgan kishi tuk qoplamasining rivojlanishi esa maxsus gormonlarga ega ayrim bezlar tomonidan tartibga solinadi.
Erkaklarda bu gormonlar tana va yuzdagi tuklar oʻsishini kuchaytirib, boshdagi sochlarning oʻsishini sekinlashtiradi. Ayollarda esa bu gormonlar aksincha ishlaydi. Ularning tanasi va yuzida tuklar kamroq, lekin boshida sochlar koʻproq oʻsadi. Erkak va ayollarda tuk va soch oʻsishidagi bu farqlar ikkilamchi jinsiy belgilar deb ataladi. Yaʼni, bu ikki jinsni farqlash mumkin boʻlgan usullardan biridir. Erkakning soqoli nafaqat uning erkak ekanini koʻrsatadi, balki erkakka kuchli va hurmatli inson qiyofasini beradi.
XIX asrning taniqli tabiat tadqiqodchisi Charlz Darvin inson rivojlanib borgani sayin uning tanasida ter va yomgʻir suvining oson bugʻlanishiga yordam beradigan ingichka tuklarga ehtiyoj tugʻilgan, deb hisoblagan. Qosh, kiprik, quloq va burun tuklari kabi tananing maʼlum qismlarida joylashgan tuklar koʻzni, quloq va burun teshiklarini chang va hasharotlardan himoya qilishga yordam beradi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.