20.02.2024
Xol yoki nor tugʻilganda tanada boʻladigan yoki keyinroq paydo boʻladigan oʻziga xos belgilardir. Tibbiyot hozircha ularning paydo boʻlish sabablarini bilmaydi va buning oldini olish usullari ham hali ishlab chiqilmagan. Ammo bir narsa aniq: bola tugʻilishidan oldin uning onasi nimadandir qoʻrqishi bilan xollarning hech qanday aloqasi yoʻq.
Deyarli har bir inson tanasining biror-bir joyida kamida bitta xol bor. Ular istalgan joyda, shu jumladan, bosh terisida ham boʻlishi mumkin. Xollar terining qaysi qatlamida paydo boʻlishiga qarab tashqi koʻrinishi bilan bir-biridan farq qiladi. Xollarning aksariyati tugʻilishdan oldin yoki keyin darhol paydo boʻladi. Ayrim hollarda esa ular oʻn toʻrt yoki oʻn besh yoshgacha boʻlmaydi. Agar tegilmasa, xollar tanaga hech qanday zarar yetkazmaydi.
Ular bilan bogʻliq eng katta xavf shundaki, shikastlangan xol xavfli oʻsimtaga aylanishi mumkin. Ammo bu jarayon kamdan-kam hollarda sodir boʻladi. Shuning uchun xolga ega odamlar tashvishlanmasa ham boʻladi.
Xol bilan adashtirish mumkin boʻlgan terining tashqi koʻrinishidagi bir qator boshqa buzilishlar mavjud. Ulardan biri chaqaloq tugʻilganda yoki tugʻilganidan koʻp oʻtmay terida paydo boʻladigan qizgʻish yoki qirmizi dogʻlardir. Baʼzan ular toʻq qizil rangda boʻladi. Bu aslida qon tomirlarining gʻayrioddiy koʻrinishi boʻlib, odatda davo muolajalaridan keyin yoʻqolib ketadi. Ammo koʻplab shifokorlar chandiqlar qolmasligi uchun ularni iloji boricha tezroq olib tashlash kerak deb hisoblaydi.
Shifokorlar hatto sepkillarni ham “teri nuqsoni” deb hisoblaydi. Sepkillar koʻpincha oq teriga ega och sariq sochli odamlarda quyosh yorugʻligining ultrabinafsha nurlari taʼsirida paydo boʻladi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.