20.02.2024
Revmatizm — tanadagi boʻgʻimlarning yalligʻlanishi bilan bogʻliq kasallik. Agar bu kasallik nazorat qilinmasa, kishining ahvoli yomonlashib, oxir-oqibat u nogiron boʻlib qolishi mumkin. Kasallik tizza, tirsak va qoʻl panjasi kabi boʻgʻimlarni qoplaydigan pardaning yalligʻlanishi bilan boshlanadi. Shu bilan birgalikda, togʻay ham zarar koʻradi va hatto suyaklarda ham oʻzgarishlar yuz beradi. Suyak baʼzi minerallardan mahrum boʻlib, serkovak holga keladi. Boʻgʻim kamharakat boʻlib, hatto baʼzida umuman harakat qila olmaydi. Revmatizmning sabablari haqida koʻplab nazariyalar mavjud boʻlsa-da, ularning hech biri isbotlanmagan.
Nazariyalarning biriga koʻra, revmatizm uchta yoʻl bilan yuzaga kelishi mumkin boʻlgan infeksiya natijasida paydo boʻlishi mumkin: qon bilan birga boʻgʻimlarga tushadigan bakteriyalar tufayli, boshqa infeksiya oqibatida hosil boʻlgan toksik moddalar tufayli yoki boʻgʻimning baʼzi mikroorganizmlarga nisbatan allergik reaksiyasi tufayli.
Baʼzi shifokorlarning fikricha, maʼlum bir turdagi odamlarda revmatizm bilan kasallanish xavfi boshqalarga qaraganda ancha yuqori. Bu toifada 20 yoshdan 40 yoshgacha boʻlgan jismonan ozgʻin, unchalik kuchli boʻlmagan, tezda charchaydigan kishilar boʻlishi mumkin. Kasallik endigina boshlanganida, odatda odamning harorati koʻtariladi, bir yoki bir nechta boʻgʻimlarida ogʻriq va shish paydo boʻladi. Bemor charchoqdan shikoyat qiladi, vazn yoʻqotadi va qoʻl-oyoqlarida uvishish va sanchishlarni his qiladi.
Kasallik belgilaridan biri — barmoq oʻrta boʻgʻimlaridagi issiqlik hissi, ogʻriq va ularning shishishi. Baʼzida hatto barmoqlarning harakati ham ogʻriq beradi. Boshqa hollarda, tananing qolgan qismlari: qoʻl, oyoq barmoqlari, bilak, tizza, tirsak, yelka va sonlardagi boʻgʻimlar zarar koʻradi. Deyarli har qanday boʻgʻim bu kasallik qurboni boʻlishi mumkin. Bu kasallikning paydo boʻlish sabablarini bilmasligimiz, u turli xil odamlarda turli yoʻllar bilan rivojlanishi va kechishi sababli barcha holatlarda ham yordam beradigan aniq davolash usuli mavjud emas. Har bir holatda individual davolash muolajalari belgilanadi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.