20.02.2024
Baʼzida bu kasallik “sportchining oyogʻi” deb ataladi. Ammo unga chalinish uchun sportchi boʻlish shart emas. Bu asosan oyoqning zamburugʻli infeksiyasi boʻlib, uni koʻpchilik yuqtirishi mumkin, shuningdek, zamburugʻli infeksiyalarga oʻta taʼsirchan odamlar bor. Bu kasallikning nomi umumiy dushdan foydalanishiga toʻgʻri keladigan sportchilar orasida uning keng tarqalgani bilan bogʻliqdir.
Epidermofitiyaning ikkita asosiy turi mavjud. Uning umumiy shaklida terida, odatda, beshinchi barmoqning asosida yoki toʻrtinchi va beshinchi barmoqlar orasida yoriq paydo boʻladi. Shuningdek, barmoqlar orasida oʻlik teri parchasi ham hosil boʻladi. Agar bu parcha olib tashlansa, bu joyda qizil, yaltiroq teri qoladi. Bu kasallikning boshqa turi barmoqlar orasidagi terining qizarishi bilan boshlanib, keyinchalik u qalinlashadi va poʻst tashlay boshlaydi. Kasallikning ikkala turi ham oyoqning butun kafti boʻylab tarqalishi mumkin. Kasallik ikkala oyoqda ham boʻlishi mumkin, lekin odatda bir oyoq boshqasiga qaraganda koʻproq zararlanadi.
Xuddi shunday oqibatlarga olib kelishi mumkin boʻlgan yana bir nechta kasalliklar mavjud. Epidermofitiyani davolashga qaror qilgan kishi aynan shu kasallikka chalinganiga ishonch hosil qilishi kerak. Shuning uchun oʻz-oʻzini davolashni boshlashdan oldin shifokorga murojaat qilish maʼquldir. Epidermofitiyani uch turdagi zamburugʻlar keltirib chiqaradi. Ular terida deyarli doimo mavjud boʻlib, infeksiya istalgan vaqtda boshlanishi mumkin. Ammo teri qizib, uzoq vaqt nam holda qolsa, zamburugʻlar terining tashqi oʻlik qatlamlari orasiga kirib, oʻsishni boshlaydi.
Oʻsgan sayin zamburugʻlar terida muayyan moddalar hosil qiladi va agar odamda allergik reaksiyalar hamda bu moddalarga sezgirlik boʻlmasa, zamburugʻlar uni umuman bezovta qilmasligi mumkin. Bu kasallikning baʼzi oddiy holatlari umuman davolanishni talab qilmaydi va ob-havo sovishi bilanoq kasallik belgilari yoʻqoladi. Ammo jiddiyroq holatlarda oyoqlarni doimo quruq holatda saqlab, paypoqlarni tez-tez almashtirish va baʼzi malhamlardan foydalanish kerak.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.