20.02.2024
Difteriya — bakteriya keltirib chiqaradigan jiddiy kasallik. Kasallik bakteriya tanaga kirgandan bir necha kun oʻtib boshlanadi. Difteriya bakteriyalari odatda tanaga ogʻiz va burun orqali kirib, birinchi navbatda tomoqni zararlaydi. Odatda tomoq yallig‘lanib, harorat koʻtariladi va lohaslik paydo boʻladi. Bodomsimon bezlar va tomoqning orqa qismida kulrang yoki oqish parda hosil boʻladi. Infeksiya halqumga tarqalib, havo oʻtishini toʻsib qoʻyishi mumkin.
Difteriya tananing boshqa aʼzolariga ham jiddiy taʼsir koʻrsatadi. Buning sababi organizm tomonidan chiqariladigan toksinlar yoki zaharlardir. Yurak va asab tizimiga jiddiy zarar yetkazilishi mumkin. Difteriyaga 2 yoshdan 5 yoshgacha boʻlgan bolalar koʻproq moyildir.
Difteriyaning sababi tayoqchalar shaklidagi kichik batsillalardir. Bu batsilla 1883-yilda kashf etilgan. Ushbu mikroorganizm kasallikka olib keladigan toksinni ishlab chiqarishi aniqlanganidan soʻng, keyingi qadam bu toksinni zararsizlantirishga qodir antitoksin ishlab chiqarish boʻldi. Buni 1890-yilda nemis vrachi, Nobel mukofoti laureati Emil fon Bering uddaladi. Antitoksin qoʻllangandan keyin infeksiya saqlanib qolsa ham, u ushbu kasallikning jiddiy toksik taʼsirining oldini olishga yordam beradi. Hozirgi kunda difteriya juda kam uchraydi, chunki qisman uning oldini olish mumkin.
Toksinni zararsiz holga keltirish mumkin. Odam tanasiga bu zararsiz toksin (toksoid deb ataladi) yuborilganda, tanada uni bakteriyalardan himoya qiladigan antitanachalar hosil boʻladi. Bolada difteriyaga qarshi paydo boʻlgan immunitet darajasi 1913-yilda professor Bella Shik tomonidan ishlab chiqilgan test yordamida aniqlanadi. Teriga oz miqdorda difteriya toksini yuboriladi. Agar bola tanasida yetarli antitoksin boʻlmasa, unda 4–7 kundan keyin uning tanasida qizil dogʻ paydo boʻladi. Shu tarzda, kasallanish ehtimoli boʻlgan bolalarni bakteriyadan himoya qilish uchun davolash mumkin.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.