20.02.2024
Inson tanasida 639 ta mushak bor va ularning har biri oʻz nomiga ega! Ularning barchasi birgalikda gavdani hosil qiladi. Koʻp mushaklar skelet suyaklariga mahkam birikkan. Skelet tana sinchini tashkil etadi, mushaklar esa tananing turli qismlarini harakatga keltiradi. Ularsiz odam yashay olmaydi. Nafaqat ovqatlanish, nafas olish, gapirish imkonsiz boʻlar edi, balki yurak ham toʻxtab qolardi, chunki uning faoliyati ham mushaklar bilan taʼminlanadi.
Barcha mushaklar mushak tolalari deb ataladigan uzun, ingichka hujayralardan iborat. Ammo mushaklar vazifasiga koʻra bir-biridan farq qiladi. Ular shakli, tashqi koʻrinishi, oʻlchamlari va boshqa xususiyatlari bilan ham turlichadir. Mushak qisqarganida sut kislotasi deb ataladigan kislota ishlab chiqaradi. Sut kislotasining taʼsiri shundaki, u kishini charchatadi. Taʼsir jihatidan u zaharga oʻxshaydi. U mushaklarni toliqtiradi.
Agar charchagan mushakdan sut kislotasi chiqarib olinsa, charchoq hissi yoʻqoladi va mushak yana ishlashga tayyor boʻladi! Albatta, oddiy sharoitda jismoniy mashqlar yoki ish bilan shugʻullanayotganda sut kislotasini chiqarib boʻlmaydi. Bundan tashqari, mushaklar faol ishlaganda boshqa toksinlar ham ishlab chiqarilishi mumkin. Ular qon orqali tarqalib nafaqat mushaklarda, balki butun tanada, ayniqsa, miyada charchoqni keltirib chiqaradi. Shuning uchun ham mushaklar faoliyatidan keyin paydo boʻladigan charchoq hissi aslida tanada yuzaga keladigan ichki zaharlanishning bir turi hisoblanadi.
Ammo dam olish istagi paydo boʻlishi uchun tanaga charchoq hissi zarurdir. Chunki dam olish paytida chiqindilar olib chiqiladi, hujayralar tozalanadi, asab hujayralari batareyalarini qayta quvvatlaydi, boʻgʻimlarda ishlatilgan moylash zaxiralari qayta tiklanadi va hokazo. Shunday qilib, jismoniy mashqlar butun tana va mushaklar uchun juda foydali, ammo dam olishning ham ahamiyati kam emas.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.