Nervlar nima?

Vazifasi organizmni  atrof-muhit sharoitlari toʻgʻrisida xabardor qilishdan iborat boʻlgan hujayralar nerv hujayralari deb ataladi. Sodda koʻrinishdagi jonzotlarda nerv hujayralari terida joylashgan boʻlib, maʼlumotlarni toʻgʻridan-toʻgʻri tananing ichki aʼzolariga uzatadi. Ammo odamda va boshqa murakkab organizmlarda nerv hujayralarining aksariyati tanada joylashgan boʻlib, teridan “xabarlar”ni ingichka “antennalar” yordamida oladi. Nerv hujayralarining vazifasi tanadagi har bir maʼlumotni tegishli joyga yetkazishdir.

Nerv hujayralari yoki nervlarning toʻrtta asosiy turi mavjud. Bular: sensor vazifasini bajaruvchi, harakatni taʼminlovchi, aloqaga masʼul va axborotni analiz-sintez qiluvchi nervlar. Tanada bir-biridan mutlaqo mustaqil va har biri maʼlum vazifalarni bajarishga moslashgan nerv hujayralari toʻplamlari bor. Bir turdagi hujayralar tashqi dunyodan issiq, sovuq, yorugʻlik va ogʻriq haqida maʼlumot olib, ularni tanaga uzatadi. Ularni sensor nervlar deb atash mumkin. Boshqa turdagi nerv hujayralari harakatga keltiruvchi deb ataladi. Ular sensor hujayralardan impulslarni olib, tananing mushak va bez kabi turli qismlariga signal yuboradi. Natijada paydo boʻlgan reaksiya refleks deb ataladi.  Masalan, issiqlik signali ayrim mushaklarning reaksiyasini keltirib chiqaradi va qoʻl issiq narsadan darhol tortib olinadi. Uchinchi turdagi nerv hujayralari aloqaga masʼul. Ular tanada signallarni uzoq masofalarga uzatadi. Tananing bir qismidagi harakatga keltiruvchi hujayralarni boshqa qismdagi sensor hujayralar bilan bogʻlaydi. Nerv hujayralarining toʻrtinchi turi esa tashqi muhitdan qabul qilinib, bosh miyaga yuborilgan issiq, sovuq va ogʻriq haqidagi maʼlumotlarni sezgilarga “oʻgiradi”.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!