Ko‘rishimiz uchun miya qanday yordam beradi?

Biz, albatta, koʻzlarimiz bilan koʻramiz. Ammo koʻrish uchun miya juda muhim ahamiyatga ega. Mexanik nuqtayi nazardan quyidagilar sodir boʻladi. Yorugʻlik toʻlqinlari koʻz qorachigʻi orqali oʻtib, toʻr pardada tasvir hosil qiladi. Toʻr parda bu — koʻz soqqasi orqa devoridagi gilamsimon hujayra qoplamasi. Toʻr pardadagi 130 million hujayraning har biri yorugʻlikka sezgir. Hujayraga yorugʻlik tushganida kimyoviy oʻzgarishlar yuz beradi. Bu oʻzgarishlar koʻrish nervi orqali miyaning koʻrish sohasiga boradigan impulsning boshlanishi boʻlib xizmat qiladi.

Lekin bu hammasi emas. Miya koʻradigan narsa toʻr pardadagi tasvirdan juda farq qiladi. Masalan, koʻzlar kamdan-kam hollarda harakatsiz boʻladi. Tashqarida turib, atrofdagi narsalarga qaraganimizda, koʻzlarimiz oʻt, daraxtning uchi, bulut, qush va olmaxonda faqat bir lahzaga toʻxtaydi. Miya bir qator tezkor fotosuratlarni koʻrmaydi. Miyaning koʻrish sohasi har bir tasvirni qayd etib, uni eslab qoladi. U ushbu tasvirlarni birlashtirib, ularga maʼno bergani uchun tasvir qismlarga boʻlingan holda emas, balki yaxlit koʻrinadi. Koʻz ochib yumguncha koʻrilgan tasvir xotirada mavjud boʻlgan narsalar bilan taqqoslanadi. Daraxt, bulut, olmaxon — bularning barchasini ilgari ham koʻrganmiz. Ularni tanib olishimiz uchun bu narsalarga nigoh solishimizning oʻzi yetarli.

Shunday qilib, koʻrish koʻzning koʻp qismlaridan, koʻrish nervidan, miyaning koʻrish va tasvirni talqin qilish bilan bogʻliq barcha sohalaridan foydalanishni oʻz ichiga oladi. Shuning uchun bola koʻrish qobiliyatidan foydalanishni oʻrganishi kerak. Aytaylik, unda koʻrishning mexanik qismi yaxshi ishlaydi. Ammo u baribir yaxshi koʻrmaydi. Nega? Chunki u koʻrgan narsasini deyarli tushunmaydi. Yaʼni uning miyasi koʻrish jarayonida hali toʻliq ishtirok etmaydi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!