20.02.2024
Ochiq maydon orqali qarab, uzoqdagi biror narsa boshqasidan kattaroq yoki biri ikkinchisining orqasida ekanini qanday aniqlay olamiz? Nega hamma narsani bir tekislikda ko‘rish oʻrniga boshqa narsalarga nisbatan hozirgi holatida uch oʻlchamda koʻramiz? Gap shundaki, buyumlarni nafaqat koʻzimiz, balki ongimiz bilan ham “koʻramiz”. Buyumlarni orttirgan tajribamizga tayangan holda koʻramiz. Miya biz koʻrgan narsalarni talqin qilmaguncha, biz xatolarga yoʻl qoʻyishimiz mumkin.
Masalan, tajriba buyumlarning oʻlchamlari haqida tasavvur beradi. Sohildan qanchadir masofa uzoqlikda qayiqda turgan odam qirgʻoqda turgan odamdan ancha kichik koʻrinadi. Ammo bir kishini juda katta, ikkinchisini esa juda kichik deb ayta olmaymiz. Fikrlashimiz yana qanday yoʻl-yoʻriqlardan foydalanadi? Ulardan biri perspektivadir. Bilasizmi, relslarga qarasangiz, ular uzoqdan birlashadi. Relslar orasidagi masofaning kengligini hisobga olgan holda, masofani baholay olamiz.
Tajriba yaqin joylashgan obyektlar aniq va ravshan, uzoqdagilar esa noaniq koʻrinishi haqida fikr beradi. Tajriba yordamida hatto soyalarni “oʻqishni” ham oʻrganishimiz mumkin. U buyumlarning oʻlchami, shakli va oʻzaro joylashuvi haqida tushuncha beradi. Koʻp hollarda bizga yaqin turgan obyektlar uzoqroqdagilarning biror qismini toʻsib qoladi. Bosh harakati daraxt yoki ustun bizdan uzoqroq ekanini aniqlashga yordam beradi. Bir koʻzingizni yumib, boshingizni buring. Uzoqdagi obyekt siz bilan birga bir tomonga, yaqini esa teskari tomonga siljiydi. Ikkala ko‘zning saʼy-harakatlarini birlashtirish ham bizga katta yordam beradi. Agar koʻzimizni bizga qarab harakat qilayotgan obyektga fokuslashga harakat qilsak, koʻz bir nuqtaga yaqinlashadi va mushaklari taranglashadi. Bu zoʻriqish bilvosita masofa haqida tasavvur beradi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.