Biz qanday qilib turli xil tovushlarni eshitamiz?

Barcha tovushlarni tebranayotgan, yaʼni tez harakatlarni amalga oshirayotgan narsalar hosil qiladi. Bunday tebranish havo molekulalarini harakatlantiradi, bu, oʻz navbatida, ularning yonida joylashgan molekulalarning harakatlanishiga olib keladi va tez orada havodagi molekulalarning harakati boshlanib, biz tovush toʻlqinlari deb ataydigan narsa paydo boʻladi.

Ammo tebranishlar turlicha boʻlib, ular har xil tovushlarni hosil qiladi. Tovushlar bir-biridan uchta asosiy xususiyati — balandligi, ingichka-yoʻgʻonligi va ohangiga koʻra farq qiladi. Tovush balandligi tebranish obyekti va odamning qulogʻi orasidagi masofa, shuningdek, tebranish obyektining tebranish kengligiga bogʻliq. Bu harakat kengligi qanchalik katta boʻlsa, tovush ham shunchalik baland boʻladi. Tovushning ingichka-yoʻgʻonligi tovush chiqarayotgan obyektning tebranish tezligiga (chastotasiga) bogʻliq.

Tovush ohangi undagi obertonlar¹ soni va kuchiga bogʻliq. Bu baland va past tovushlar aralashganda sodir boʻladi. Ovoz toʻlqini quloq teshigidan oʻtib, quloq pardasiga yetguncha biz hech narsa eshitmaymiz. Quloq pardasi baraban yuzasi vazifasini bajaradi va oʻrta quloqdagi uchta kichik suyakni tovush ritmida harakatga keltiradi. Natijada ichki quloqdagi suyuqlik harakatlana boshlaydi.

Tovush toʻlqinlari suyuqlikni harakatga keltirgach, bu suyuqlikdagi mayda tuk-hujayralar ham harakatlana boshlaydi. Bu tukli hujayralar harakatni miyaga boradigan nerv impulslariga aylantiradi va miya ularni tovush sifatida aniqlaydi. Ammo turli xil tovushlar qulogʻimizda turli xil harakatlarni keltirib chiqaradi va bu miyaga turli xil nerv impulslarini yuboradi, natijada biz turli xil tovushlarni eshitamiz.


¹Oberton — asosiy ohangga alohida tus beruvchi qoʻshimcha ohang.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!