Nega uxlaymiz?

Bir kecha-kunduz mobaynida uxlamaydigan yoki toʻliq dam olmaydigan birorta ham tirik mavjudot yoʻq. Agar sababini bilmoqchi boʻlsangiz, uzoq vaqt uyqusiz qolishga harakat qiling. Kuchli charchoqdan miyangiz va tanangiz normal ishlashga layoqatsiz holga keladi. Bunday holatda jizzaki boʻlib, aniq fikrlash yoki ishingizga eʼtibor qaratish qiyinlashganini his qilasiz. Demak, uyqu — tana hujayralariga kun davomidagi ishdan keyin quvvatni tiklash va keyingi faoliyat davri uchun energiya zaxiralarini toʻplash uchun kerak boʻlgan vaqt.

Uyqu bilan bogʻliq shubhasiz faktlardan biri shundaki, uyqu vaqtida behush holatda boʻlamiz. Atrofimizda nima boʻlayotganini bilmaymiz. Ammo bu hayot faoliyati toʻliq toʻxtaganini anglatmaydi. Hayot uchun muhim aʼzolar uyquda ham faoliyatini davom ettiradi, ammo hayotiy funksiyalarning aksariyati sekinlashadi. Masalan, nafas olish sekinlashib, chuqurlashadi. Yurak sekinroq uradi va qon bosimi pasayadi. Qoʻl-oyoqlar boʻshashib, tananing holatini boshqaradigan mushaklar dam oladi. Bedor holatda bunchalik boʻshashishning imkoni yoʻq. Shuning uchun uyqu bizga eng sokin hordiq chiqarish ham bermaydigan narsani beradi.

Tushda tana harorati pasayadi va shuning uchun odamlar tunda yopinadi. Ammo behush holatda boʻlsak ham koʻplab reflekslarimiz ishlashda davom etadi. Masalan, agar kimdir oyogʻimizni qitiqlasa, uyquda ham oyogʻimizni  tortib olamiz yoki hatto peshonamizdan pashshani haydashimiz mumkin! Bularni mutlaqo ongsiz ravishda qilamiz.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!