Ikki kishining barmoq izlari bir xil bo‘lishi mumkinmi?

Barmogʻingizni siyoh yostiqchasiga bosib, keyin uni oq qogʻozga qoʻysangiz, dunyoda hech kim takrorlay olmaydigan naqshga ega boʻlasiz! Bu har bir barmog‘ingizga taalluqli. Oʻnta barmogʻingiz har birining izi mutlaqo noyobdir va ular hayotingiz davomida deyarli oʻzgarmaydi! Tabiat shunchaki har bir inson barmogʻi terisi uchun turli xil boʻrtma shakl yaratgan.

Ehtimol, bu fakt ilk bor xitoyliklar tomonidan 2000 yildan koʻproq vaqt oldin kashf etilgan. Oʻsha davrlarda Xitoy imperatorlari muhim hujjatlarga imzo oʻrniga bosh barmogʻi izini qoʻygan. Ikkita bir xil barmoq izi uchramasligini birinchi boʻlib 1892-yilda ingliz olimi ser Frensis Galton isbotlagan. 1901-yilda esa Skotlend-Yard ser Edvard Genri tomonidan ishlab chiqilgan jinoyatchilarni barmoq izlariga koʻra identifikatsiyalash yoki aniqlash tizimini joriy qilgan. Kichik oʻzgarishlar kiritilgan ushbu tizim butun dunyo politsiyachilari tomonidan qoʻllanadi.

Ser Genri tizimining qisqacha mazmuni esa quyidagicha: barcha barmoq izlari naqsh turiga koʻra yoysimon, halqali va gajak naqshlarga ajratilgan. Barmoq izidagi ikki nuqta orasidagi chiziqlar sonini hisoblagan holda, oʻnta barmoqning har birini muayyan bir guruhga kiritish mumkin.

Har bir guruh ichidagi batafsil tasnifdan foydalangan holda, barmoq izlarini yanada ishonchli aniqlash mumkin. Bu tizim shu qadar ishonchliki, jinoyatchilarning ismlarini ishlatish oʻrniga barmoq izlarini ushbu guruhlarga koʻra tasniflash mumkin. Politsiya arxivida millionlab barmoq izlari mavjud boʻlsa ham, keraklisini bir necha daqiqada topish mumkin.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!