20.02.2024
Karta oʻyinlari shu qadar uzoq oʻtmishga egaki, ular dastlab qayerda paydo boʻlganini hech kim aniq ayta olmaydi. Aksariyat mutaxassislarning fikriga koʻra, oʻyin kartalari Osiyodan kelib chiqqan. Qadimda hindlar va musulmonlar vaqtichogʻlik uchun dumaloq oʻyin kartalaridan foydalangani haqida ehtimollar bor, ammo bu biror hujjat bilan tasdiqlanmagan.
Bu haqidagi birinchi hujjatli dalil XIV asrga tegishli. Xitoyliklarning taʼkidlashicha, Xitoyda kartalar 1120-yilda mavjud boʻlgan va imperator Syan Xo hukmronligi davrida uning saroy a’yonlari koʻngilxushligi uchun ixtiro qilingan. Kartalar XIV asrning oxiriga kelib Fransiyada juda mashhur boʻlgani bizga maʼlum. Ular shu qadar ommabop boʻlganki, hatto mehnatkash odamlarga ish kunlarida karta oʻynashni taqiqlovchi qonun ham qabul qilingan!
Birinchi kartalar asosan toʻrtburchak yoki kvadrat shaklda boʻlgan, garchi ayrim joylarda dumaloq kartalar ishlatilgan. Ilk kartalar dastasi odatda 86 ta kartadan iborat boʻlgan. Kartalardan birida raqam boʻlmagan va u “ahmoq” deb nomlangan. Hozirgi kunda bu karta joker deb ataladi. XV asrda Yevropada yogʻoch oʻymakorligi sanʼati keng tarqalgan. Bundan oldin kartalar qoʻlda chizilgani uchun juda qimmat boʻlgan, shuning uchun ularni sotib olishga faqat juda badavlat odamlarning qurbi yetgan. Ammo yogʻoch oʻymakorligi yordamida arzonroq kartalarni ishlab chiqarish imkoniyati paydo boʻlib, ilk bor jamiyatning quyi qatlamlari ham boʻsh vaqtlarida karta oʻynash imkoniyatiga ega boʻlgan.
XVI asrda Fransiyada birinchi marta toʻrt karta turi — tappon, qargʻa, chillik va gʻishtin paydo boʻlgan va ular hozirgi kungacha mavjud.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.