20.02.2024
Bir yoki bir nechta ixtirochilar tomonidan yaratilgan boshqa musiqa asboblaridan farqli oʻlaroq, doʻmbira (baraban) ibtidoiy davrlardan beri mavjud. Aksariyati uzoq vaqt oldin yer yuzidan gʻoyib boʻlgan eng qadimgi xalqlar turli xil doʻmbiralardan foydalangan. Chamasi, doʻmbira dastlab qabila odamlarini bir joyga toʻplash uchun ishlatilgan. Bu harbiy signalga oʻxshash narsa boʻlgan.
Bir muncha vaqt oʻtgach, doʻmbira ibtidoiy odamlar “yovuz ruhlar”ga qarshi kurashda foydalangan musiqaning ajralmas qismiga aylangan. Doʻmbira tovushlari bu odamlar uchun diniy ahamiyatga ega boʻlgan. Marosimlarning aksariyati raqslar bilan birga kechganligi sababli doʻmbira unga ajoyib joʻrlik qilgan. Ibtidoiy odamlar turli xil materiallardan yasalgan doʻmbiralardan foydalangan. Bu asboblarning ayrimlari ichi kovak daraxt tanalariga tortilgan hayvon terisidan iborat boʻlgan. Bambuk doʻmbiralar ichi kovak bambuk tanasining uzun boʻlaklaridan kesib olib yasalgan va tovush hosil qilish uchun ularga tayoqchalar bilan urilgan. Baʼzi odamlar doʻmbiranikiga oʻxshash tovushlarni chiqarish uchun yerga yotib, oʻz tanalariga zarba berishgan! Qadimgi misrliklar ham doʻmbiralardan keng foydalangan.
Oddiy Misr doʻmbirasi kichik boʻlib, uni qoʻlda olib yurishgan. Qadimgi yahudiylarning ham qoʻl yoki tayoq zarbasi bilan chalinadigan childirmaga oʻxshash doʻmbirasi boʻlgan. Xitoylik va yaponlarda ham doʻmbiralar qadim zamonlardan beri ishlatiladi. Amerika hindulari doʻmbiralardan nafaqat signal berish yoki raqsga joʻrlik qilish uchun, balki ob-havoni bashorat qilishda ham foydalangan! Yomgʻirli ob-havo yaqinlashganda, doʻmbirani qoplagan teri taranglashgan.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.