Birinchi ovozni yozib olish qachon amalga oshirilgan?

Birinchi ovozni yozish 1877-yilda amerikalik ixtirochi Tomas Edison tomonidan amalga oshirilgan. Uning birinchi ovoz yozish mashinasida tutqich yordamida aylantiriladigan silindr, karnay va toʻmtoq igna boʻlgan. Karnayning tor uchi egiluvchan membrana bilan yopilgan. Karnayning keng tomonidan kiradigan tovushlar igna biriktirilgan membranada tebranishlar hosil qilgan. Tovushlar taʼsirida igna yuqoriga va pastga harakatlangan.

Silindr yuzasi qalay folga qatlami bilan qoplangan. Bu folga ustiga igna qoʻyilgan va tutqich aylantirilganda karnay bilan igna birgalikda silindr boʻylab sekin harakatlangan. Shu tarzda silindr atrofida koʻp marta aylanib, igna folgani ezib ariqchaga oʻxshash iz qoldirgan. Biror kishi karnayga gapirganda yoki kuylaganda, igna yuqoriga va pastga harakatlangan. Igna pastga tushganda folgada hosil qilingan ariqcha chuqurroq, koʻtarilganda esa sayozroq boʻlgan. Ariqchalar chuqurligining oʻzgarishida nutq yoki qoʻshiq aytilganda paydo boʻlgan tovush toʻlqinlari aks etgan.

Ovoz shu tarzda yozib olingan. Yozuvni eshitish uchun igna bilan karnay yana ariqcha boshiga koʻchirilgan. Ariqcha boʻylab harakatlangan igna yupqa membrananing ovoz yozish vaqtidagi tartibda tebranishiga olib kelgan. Bu karnaydagi havo tebranishini yuzaga keltirib, yozib olish paytida eshitilgan tovushga oʻxshash tovush hosil boʻlishiga sabab boʻlgan!

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!