20.02.2024
Zamonaviy kitobga biroz boʻlsa ham oʻxshash narsani yaratish uchun odamzodga bir necha ming yillar kerak boʻldi. Shuning uchun birinchi kitob haqida gapirganda, boshqacharoq narsani nazarda tutishimiz kerak. Darhaqiqat, bizga maʼlum boʻlgan eng qadimgi kitoblar soʻzning zamonaviy maʼnosidagi kitoblar emas. Bir necha ming yillar oldin bobillik va ossuriyaliklar loy lavhalar yasagan. Bu lavhalarda saqlab qolinishi istalgan qaydlarni yozishgan. Ular uchli tayoqchalar bilan hali qotmagan bu loy lavhalarda pona shaklidagi belgilar yoki mixxat yozuvlarini oʻyib yozgan. Lavhalar yaxshiroq saqlanishi uchun ular olovda pishirilgan.
Baʼzan qaydlar uzun boʻlib, koʻplab loy lavhalarda joy olgan. Bunday lavhalar yoki “sahifalar” toʻplamini deyarli kitob deb hisoblash mumkin. Qadimgi misrliklar kitob haqidagi zamonaviy tushunchalarga koʻproq yaqinlashgan. Ular qamishdan papirus deb ataladigan dagʻal qogʻoz yasashgan. Tekis varaqlar qoʻlda ishlangan, soʻngra bu och sariq varaqlar bir-biriga yopishtirilib uzun tasma hosil qilingan va yogʻoch yoki suyakdan yasalgan silindrlarga oʻralgan. Misrliklar suvda eritilgan qurumdan tayyorlangan siyoh bilan ieroglif yoki rasmli xat yordamida sheʼr, hikoya va har xil maʼlumotlarni yozishgan. Oʻrogʻlik qogʻozga yozish unchalik qulay boʻlmagani sababli baʼzida qaydlar alohida varaqlarga yozilgan. Keyin bu varaqlar kitob shaklida birlashtirib bogʻlangan.
Boshqa qadimgi xalqlar, shu jumladan, yunon va rimliklar silindrlarga oʻraladigan kitoblar yasagan.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.