Kitob chop qilishni kim ixtiro qilgan?
Kitob chop qilishni kim ixtiro qilgan?
2 min
Tarix

Biror rasmni koʻpaytirish usuli sifatidagi bosma V asrda xitoyliklar va yaponlarda paydo boʻlgan. Oʻsha vaqtlarda va undan keyin koʻp asrlar davomida kitoblar juda kam uchragan, uni oʻqiydigan va kitob sotib olishga qodir kishilar juda kam boʻlgani uchun kitob chop etishga ehtiyoj boʻlmagan. Ilk kitob chop etuvchilar klishe sifatida yogʻoch doskalardan foydalangan. Ularning yuzasiga tasvirlar oʻyib tushirilgan. Keyin bu shakllarga boʻyoq surkalib, tasvir oʻsha davrdagi noqulay presslar yordamida qogʻozga oʻtkazilgan. Soʻngra suratlar yoniga soʻzlar ham qoʻshilgan, lekin ularni ham yogʻochga oʻyib tushirish kerak boʻlgan. Uzoq davom etadigan har bir doskaga tasvirlarni oʻyib tushirish jarayonini qisqartiradigan usul kerak edi.

Bosmani takomillashtirishga olib keladigan haqiqiy oʻzgarishlar yuz berishiga qadar deyarli ming yil oʻtdi. Buning ustida koʻplab ixtirochilar ishlagan. Bu muammoni birinchi boʻlib maynslik nemis matbaachi Iogann Gutenberg hal qilgan deb hisoblanadi. Gutenbergda harakatlanuvchi metall harflardan foydalanish gʻoyasi tugʻilgan. Bu usul bilan 1453–1456-yillarda u oʻzining birinchi kitobi — mashhur Gutenberg Injilini chop etgan.

Gutenberg shrifti har bir harf alohida shaklda gʻaznada saqlangan. Tortmadan harflarni olib, soʻz, satr, sahifalarni terish juda oson boʻlgan. Matnni terib, sahifani bosib chiqargandan soʻng, harflarni qismlarga ajratish va oʻz joyiga qoʻyish, soʻngra keyingi sahifani terish mumkin boʻlgan. Garchi ixtirochilar bu jarayonni tezlashtirish uchun juda koʻp ish qilgan boʻlsa ham, bu tizim bugungi kungacha qoʻllanmoqda.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!