Papirus nima?
Papirus qachon ixtiro qilingan?
2 min
Bu nima?

Yozish mumkin bo’lgan birinchi material papirus deb atalgan oʻsimlikdan olingan. Bu ixtiro miloddan avvalgi 2000-yillarda misrliklar tomonidan amalga oshirilgan. Taxminan ikki yarim ming yil davomida papirus yozishga yaroqli yagona material boʻlgan. Papirus — qamishdoshlar oilasiga mansub boʻlib, balandligi 1 metrdan 3 metrgacha yetadi. Poyasi yumshoq va qalinligi baʼzan inson qo‘lining qalinligidek boʻladi. Poyalarining uchida chigallashgan dagʻal sochga oʻxshash osilib turadigan ingichka butoqlari bor. Papirusning barglari kichik boʻlsa-da, ildizlari baquvvat. Rim tarixchisi Pliniy papirusning yasalishini tavsiflab qaydlar yozib qoldirgan. Papirus poyalari boʻlaklarga boʻlinib, tekislangan. Eng keng oʻrta qismi qimmatli hisoblangan.

Bu tasmalar bir-birining ustiga koʻndalang, toʻgri burchak ostida terilgan. Keyin bu qatlamlar Nil daryosining loyli suvi yoki bugʻdoy unidan tayyorlangan yelim bilan yopishtirilgan. Shu tarzda olingan varaqlar tekislanib yoki yoyilib, quyoshda quritilgan. Bir vaqtlar papirus Misrning asosiy mahsulotlaridan biri boʻlgan.

Pergament ixtiro qilinganiga qadar koʻp asrlar davomida barcha diplomatik hujjatlar papirusda yozilgan. Har bir varaq uning sifatini tasdiqlovchi shtamp bilan belgilangan. Papirusning ingichka shoxlaridan savatlar ham toʻqilgan. Qalin poyalaridan boʻyra va yelkanlar yasalgan, qaynatilgan magʻzi kambagʻallar uchun ovqat, quritilgani esa yoqilgʻi sifatida ishlatilgan. Shunday qilib, qadimda bu oʻsimlik naqadar foydali boʻlganiga ishonch hosil qildingiz.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!