Pul qachon paydo bo‘lgan?
Pul tarixi. Qadimda pul o'rnini nimalar bosgan?
2 min
Tarix

Odamzod uzoq vaqt davomida pulsiz kifoyalangan. U biz barter bitimlari deb ataydigan tizimdan foydalangan. Kimdadir oʻzi yarata olmagan narsaga ehtiyoj tugʻilsa, u kerakli mahsulotga ega boʻlgan boshqa odamni topib, evaziga unga boshqa narsa taklif qilgan. Ibtidoiy odam tomonidan ishlatilgan “pul”ning dastlabki turi odatda kiyish yoki yeyishga yaroqli narsalardan iborat boʻlgan. Amerikalik hindular bu maqsadda “vampum” deb nomlangan oʻyma naqshli chigʻanoqlardan foydalangan.

“Pul”ning boshqa turi boʻlib tamaki, don, teri, tuz va dukkakli oʻsimliklar xizmat qilgan. Oxir-oqibat, metall parchalari boshqa barcha turdagi pullar oʻrnini egallagan. Metall parchalar shaklidagi pulni birinchi boʻlib lidiyaliklar — Kichik Osiyoda yashagan xalq ishlatgan. Miloddan avvalgi VIII asrda ular ogʻirligi va tashqi koʻrinishi bir xil, oson tanib olinadigan metall pullarni ishlab chiqarishni boshlagan. Oltin va kumush bundan ancha oldin pul sifatida ishlatilgan boʻlsa-da, tanga shaklida boʻlmagan. Ularni yombi shaklida olib yurishgan, hisob-kitoblar uchun undan boʻlaklar kesib olingan va tortilgan, ammo bu metallarning sofligi va ogʻirligiga hech qanday kafolat boʻlmagan. Aynan lidiyaliklar kafolat sifatida tangalarga biror tasvir tushirishni birinchi boʻlib oʻylab topgan.

Bu gʻoyani boshqa xalqlar ham oʻzlashtirgan va asta-sekin tangalardan foydalanish keng tarqalgan. Keyinchalik kimdadir vaʼda bergan kishiga ishonish mumkin boʻlsa, pulni toʻlab berish vaʼdasi ham pul bilan bir xil darajada ahamiyat kasb etishi mumkin degan fikr tugʻilgan. Shuning uchun zargar, savdogar va sudxoʻrlar talab qilingan zahoti pulni toʻlab berish boʻyicha yozma majburiyatlarni chiqara boshlagan. Bu “qogʻoz valyuta” qogʻoz boʻlgani sababli undan foydalanish oltinga qaraganda osonroq va xavfsizroq edi. Koʻp oʻtmay, avval banklar, keyinchalik hukumatlar bunday qogʻoz vaʼdalarni chiqarishni boshlagan. Qogʻoz pullar shu tarzda paydo boʻlgan.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!