20.02.2024
Birinchi kutubxona 8000 yil oldin paydo boʻlgan. Qadimgi Mesopotamiya aholisi loydan yasalgan yupqa lavhalarga “pona” deb nomlangan ingichka tayoqchalar yordamida yozishgan. Ularning yozish usuli “mixxat yozuvi” deb nomlanadi. Lavhalar olovda toblangan va ularning eng qimmatbaholari shikastlanmasligi uchun loydan tayyorlangan maxsus qutilarga joylashtirilgan. Arxeologlar saroylarda mavzulariga qarab saralangan holda saqlangan minglab bunday lavhalarni topishgan. Birinchi kutubxonalar shu tariqa paydo boʻlgan.
Qadimgi Misr kutubxonalari ibodatxonalarda boʻlgan, ularni ruhoniylar qoʻriqlashgan. Misrliklar papirusga¹ yozishgan, keyin uni tayoqcha atrofida oʻrab, sandiq yoki javonlarda saqlashgan.
Eng mashhuri Iskandariyadagi (Misr) kutubxona edi. U taxminan miloddan avvalgi 300-yilda tashkil topgan. Bu kutubxonada 700 000 dan ortiq papirus oʻrami saqlangan. Barcha “kitoblar” 120 mavzu boʻyicha tasniflangan va kataloglarda² bayon etilgan.
Jamoat kutubxonalari qurishni birinchi boʻlib qadimgi rimliklar oʻylab topishgan. Yuliy Sezar jamoat kutubxonalarining butun tizimini yaratishni rejalashtirgan va vafotidan keyin bunday kutubxonalar katta shuhrat qozongan. Rimning boy aholisi kambagʻallar uchun maxsus kutubxonalar tashkil etishgan, shuningdek oʻzlari uchun ulkan kitoblar kolleksiyasini³ toʻplashgan. IV asrga kelib Rimda 28 ta jamoat kutubxonasi mavjud boʻlgan.
Bizning davrimiz boshlarida kutubxonalar cherkov va monastirlarning ajralmas qismiga aylangan. Rohiblar kitoblarni oʻqib, nusxa olganlar: koʻplab kutubxonalarning faoliyati ularning saʼy-harakatlari evaziga taʼminlangan.
Oʻrta asrlarning oxirida katta cherkovlar qurilgan paytda odamlar ular qoshida kichik kutubxonalar tashkil qilishni boshlagan. Universitetlar ham kitob yigʻishni boshlashgan. Parij, Geydelberg va Florensiya universitetlari “zanjirband qilingan” kitob toʻplamlari bilan mashhur boʻlgan. Kitob tayyorlash shunchalik qiyin boʻlganki, noxush holatlarning oldini olish uchun ular devorlarga katta zanjirlar bilan mixlab qoʻyilgan.
1400-yilga kelib Oksfordda joylashgan universitet kutubxonada kitoblarni toʻplashni boshlagan. Hozirda uning Bodleyn kutubxonasi butun dunyo universitet kutubxonalari orasida eng yirigi hisoblanadi.
Biz bugungi kunda bilgan jamoat kutubxonalari atigi 100 yildan beri mavjud. XIX asrning boshlarida ingliz siyosatchilari xalqni kutubxonalarni qoʻllab-quvvatlashga davʼat etgan. Nihoyat 1850-yilda ingliz parlamenti kutubxonalarni tashkil qilishga ruxsat bergan.
Siz maktab yoki shahringizdagi kutubxonalarga borishni yoqtirasizmi? Qanday turdagi kitoblarni sevib oʻqiysiz?
[1] Papirus — oʻrta asrlarda papirus oʻsimligi poyalaridan tayyorlangan yozuv materiali.
[2] Katalog — bir turdagi narsalarning (kitob, qoʻlyozma, muzey eksponatlari va shu kabilarning) maʼlum alifbo tartibida tuzilgan roʻyxati.
[3] Kolleksiya — toʻplam.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.