Elektrni kim kashf qilgan?
Elektr haqida ma'lumot, Elektr paydo qilishda qanday tadqiqotlar olib borilgan?
2 min
Tarix

Elektr ming yillar davomida oʻrganib kelinayotgan boʻlsa-da, hali ham uning nima ekanini aniq bilmaymiz! Elektr bugungi kunda zaryadlangan mayda zarralardan iborat, deyishadi. Ushbu nazariyaga koʻra, elektr — elektron yoki boshqa zaryadlangan zarralarning harakatlanuvchi oqimi.

“Elektr” soʻzi yunoncha “elektron” soʻzidan kelib chiqqan. Bu soʻz nimani anglatishini bilasizmi? Bu “kahrabo”¹ degan maʼnoni anglatadi. Bilasizmi, miloddan avvalgi 600-yildayoq yunonlar kahrabo ishqalansa, poʻkak va qogʻoz parchasini oʻziga tortishini bilishgan.

1672-yilgacha elektrni oʻrganishda katta yutuqlarga erishilmagan. Oʻsha yilda Otto fon Gerrike ismli kishi qoʻlini oltingugurtdan yasalgan aylanayotgan toʻp yonida ushlab turganida elektr energiyasining kuchli zaryadini olgan. 1729-yilda Stefan Grey baʼzi moddalar, xususan, metallar elektr oqimini oʻtkazishini aniqlagan. Bunday moddalar “oʻtkazgichlar” deb nomlangan. U, shuningdek, shisha, oltingugurt, kahrabo va mum² kabi moddalar elektr oqimini oʻtkazmasligini aniqladi. Ular “izolyatorlar” deb nomlangan.

1733-yilda fransuz Dyu Fey musbat va manfiy elektr zaryadlarni kashf etgan. Ularni ikki xil turdagi elektr deb oʻylagan boʻlsa-da, bu muhim qadam boʻlgan. Benjamin Franklin elektr nima ekanini tushuntirishga harakat qilgan birinchi kishi edi. Uning fikriga koʻra, tabiatdagi barcha moddalar “elektr suyuqligi”ga ega. Baʼzi moddalar orasidagi ishqalanish bir moddadan suyuqlikning bir qismini olib, boshqasiga qoʻshadi. Bugun biz bu suyuqlik manfiy zaryadlangan elektronlardan iborat, deb ayta olamiz.

Elektr haqidagi fan 1800-yilda Alessandro Volta batareyani ixtiro qilgan paytdan boshlab jadal rivojlana boshladi. Bu ixtiro odamlarga doimiy va ishonchli ilk energiya manbaini berdi hamda sohadagi barcha muhim kashfiyotlarga sabab boʻldi.

Qolaversa, Tomas Edison va Nikola Teslalar ham elektr rivojiga ulkan hissa qoʻshgan ixtirochilar hisoblanadi. ⚡️


[1] Kahrabo — sariq rangli, shaffof, yaltiroq, tosh qotgan yelim.
[2] Mum — hayvon yoki oʻsimlik mahsuloti boʻlgan yogʻsimon modda.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!