20.02.2024
Qadimgi davrlarda hafta kunlarining nomi boʻlmagan. Sababi juda oddiy, chunki hali odamzodda hafta degan tushunchaningi oʻzi boʻlmagan.
Oʻsha davrda vaqt faqat oylarga boʻlingan, shuning uchun har bir kunga nom berish uchun kunlar soni koʻp boʻlgan. Ammo shaharlarning qurilishi bilan odamlar savdo qilish uchun alohida kunga, yaʼni bozor kuniga ehtiyoj sezganlar. Bunday kunlar oyning har oʻninchi kuni, baʼzan esa har yettinchi yoki beshinchi kunida oʻtkazilgan. Bobilda¹ bu har yettinchi kun boʻlgan. Shu kuni hech kim ishlamagan, odamlar savdo-sotiq va diniy marosimlarni oʻtkazish uchun toʻplanishgan.
Yahudiylar ham bundan foydalana boshlashgan, faqatgina har yettinchi kunni diniy maqsadlar uchun ajratishgan. Shunday qilib, bozor va savdo kunlari orasidagi kunlardan hafta paydo boʻlgan. Yahudiylar har bir kunga nom berishdi, sodda qilib aytganda, shanbadan (bozordan oldin keladigan kun) boshlab hafta kunlarining tartibi belgilandi.
Haftalik tizimini oʻzlashtirgan misrliklar kunlarni beshta sayyora, Quyosh va Oy nomlari bilan atashdi. Qadimgi Rimda ham hafta kunlari uchun Quyosh, Oy, Mars, Merkuriy, Yupiter, Venera, Saturn nomlaridan foydalanilgan.
Biz foydalanadigan hafta nomlari fors-tojik tilidagi sanoq tizimiga asoslangan. “Yakshanba” soʻzi fors-tojikchadan “yak” — bir, haftaning 1-kuni degan maʼnoni anglatadi. Yuqorida aytib o’tganimizdek, bozor kuni dam olish kuni deb hisoblangan va hafta shu kundan boshlangan. Ishni dam olishdan boshlab boplashgan ekan-a. Shunday qilib, dushanba — haftaning ikkinchi kuni, seshanba — uchinchi boʻlib davom etib ketaveradi.
Aytgancha, biz “kun” deganda quyoshning chiqishi va botishi oʻrtasidagi vaqtni hisoblaymiz. Qadimgi Rimda kun yarim tundan keyingi yarim tungacha davom etgan va hozirgi kunda ham koʻplab mamlakatlar ushbu usuldan foydalanib kelishmoqda.
Biz bu maqolani haftaning seshanba kunida tayyorladik. Siz qaysi kuni oʻqidingiz?
[1] Bobil — janubiy Mesopotamiyadagi qadimiy shahar, Bobil imperiyasining poytaxti.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.