Gugurtni kim o‘ylab topgan?
Gugurt qanday olov chiqaradi? Tez yonadigan materiallar haqida.
3 min
Tarix

Inson isinish va ovqat pishirish uchun olov hosil qilish istagi uni har xil turdagi “gugurt”larni ixtiro qilishga majbur qilgan. Ibtidoiy odam chaqmoq toshdan uchqun chiqarib, quruq barglarni yoqishga umid qilgan. Rimliklar ming yillar oʻtib, olov yoqish yoʻlida biroz ilgarilaganlar. Ular toshni toshga urib, chiqqan uchqun yordamida oltingugurt bilan qoplangan tutantiriqni¹ yoqishga harakat qilishgan.

Oʻrta asrlarda kremniy va temir yordamida olingan uchqunlar bilan quruq latta yoki moxni (quruq oʻsimlik) yoqib olishga urinishgan. Bunday tez yonuvchan materiallar fitil deb nomlanadi.

Zamonaviy gugurtlar fosfor — juda past haroratda yonadigan modda kashfiyoti bilan ixtiro qilingan. 1681-yilda Robert Boyl ismli ingliz olimi oltingugurt bilan qoplangan payrahani² oltingugurt va fosfor eritmasiga botirdi. Shunday qilib, gugurt paydo boʻldi. Ammo u juda tez yonishi tufayli noqulay edi.

Birinchi qulay gugurt Angliyada Jon Uoker ismli dori sotuvchisi tomonidan tayyorlangan. Yoqish uchun uni ustiga maydalangan shisha tushirilgan qogʻoz burmalari orasiga qoʻyib ishqalash kerak edi. 1833-yilga kelib, ishqalab yoqish mumkin boʻlgan fosforli gugurtlar Avstriya va Germaniyada paydo boʻldi. Ammo bitta muammo bor edi. Oq yoki sariq fosfor gugurt uni ishlab chiqaradigan ishchilar uchun shunchalik xavfli ediki, uni 1906-yilgi xalqaro shartnoma bilan taʼqiqlashga toʻgʻri keldi.

Oxir-oqibat, ishlab chiqarishda zaharli boʻlmagan qizil fosfor qoʻllana boshlandi va bu xavfsiz gugurtlarning paydo boʻlishiga olib keldi. Faqat maxsus ishlov berilgan sirt yuzasiga ishqalab yoqiladigan birinchi xavfsiz gugurtlar 1844-yilda Shvetsiyada ishlab chiqarilgan. Barcha kerakli kimyoviy komponentlarni gugurt boshchasiga surtish oʻrniga, qizil fosfor gugurt qutisi yuzasiga surtiladigan va gugurt unga ishqalab yoqiladigan boʻldi. Bunday gugurtlar yuzaga ishqalanmagunicha yonmasligi bois xavfsiz edi.

Ikkinchi jahon urushi paytida ayrim qoʻshinlar Tinch okean sohilidagi tropiklarga yuboriladi, u yerda tez-tez yogʻadigan yomgʻirlar oddiy gugurtlarni yaroqsiz holatga keltiradi. Raymond Kadi ismli kishi 8 soat davomida suvda qolgandan keyin ham ishlatish mumkin boʻlgan gugurt qoplamasini ixtiro qildi.

Gugurt kichik yoshdagi bolalar uchun xavfli boʻlib, kattalar bunday yonuvchi narsalarni yuqori joylarda saqlashlari talab etiladi.


[1] Tutantiriq — oʻt oldirib olish uchun xizmat qiladigan mayda tarasha, tutatqi.
[2] Payraha — yogʻoch-taxta chopilganda, randalanganda hosil boʻladigan chiqindi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!