20.02.2024
Bugungi kunda banklar xilma-xil xizmat turini taqdim qilgani bois uning aslida ikkita asosiy vazifasi borligini unutib qoʻyamiz. Vazifaning birinchisi — odamlardan olingan pulni saqlash boʻlsa, ikkinchisi esa foiz toʻlashga rozi mijozlarga qarz berishdir.
Bank faoliyati pul bilan bogʻliq boʻlgani uchun odamlar uni qabul qilmagan vaqtlar boʻlgan. Pulga qiziqishni axloqsizlik degan jamiyatlar hatto fuqarolariga bankdan foydalanishni taqiqlagan davlatlar boʻlgan.
Shunga qaramay, bank ishi xuddi tarixdek qadimiy. Qadimgi Bobil, Misr va Yunonistonda ham banklar boʻlgan. Odatda ibodatxonalar odam puli saqlab qoʻyiladigan joylar boʻlgan. Miloddan avvalgi 210-yil Rimda maxsus qarorga binoan Forumda pul ayirboshlash uchun joy ajratib berilgan.
“Bank” soʻzi Italiyada paydo boʻlgan. Oʻrta asrlarda pul almashtiruvchilar shahar koʻchalari yoki maxsus oʻrindiqlarda oʻtirgan. Italyancha “banko” soʻzi “oʻrindiq” maʼnosini beradi. Shu soʻzdan hozirgi “bank” soʻzi kelib chiqqan.
Zamonaviy bank tizimi ilk bor 1587-yil Venetsiyada “Banko di Rialto” tashkil etilganida paydo boʻlgan. U mablagʻ qabul qilgan hamda sarmoyadorlarga maʼlum summa uchun chek yozishga ruxsat bergan. 1619-yil “Banko del Jiro” bu bankni egallab olib, tilla hamda kumush koʻrinishida omonat qabul qilish haqida qogʻoz tarqata boshladi. Ushbu qogʻozlar pul oʻrnida ishlatilgan. 1609-yil tashkil topgan “Amsterdam banki” ham “bank pullari” nomli qogʻozlar tarqatgan.
1694-yil Angliyada “Angliya banki” tashkil topgunga qadar bankir vazifasini zargarlar bajargan. U 1825-yilgacha Angliyadagi yagona bank boʻlgan. Amerikadagi ilk bank — Shimoliy Amerika banki Kongress tomonidan 1782-yilda tuzilgan.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.