Telefon qanday ixtiro qilingan?
Telefon nima? Telefon haqida ma'lumot
3 min
Tarix

Telefonning yaratilish tarixi juda qiziq. Bu haqida hatto film ham olingan. Keling, avvalo, telefonning qanday ishlashini koʻrib chiqamiz. Demak bugun siz 2 ta hikoya bilan tanishasiz.

Gapirganimizda oʻpkadan chiqayotgan havo ovoz paylarimizni tebratadi. Ushbu tebranishlar havo molekulalariga uzatiladi, yaʼni ogʻzimizdan chiqadigan tovush toʻlqinlari havo tebranishlarini hosil qiladi. Ular telefonimiz mikrofonidagi membranali¹ alyuminiy diskka yetib borgach, uni ham xuddi havo molekulalari singari tebratadi. Bu tebranishlar telefon tarmogʻi orqali toʻlqinlar koʻrinishidagi oqimlarni yuboradi va tarmoqning boshqa uchidagi telefon trubkasi membranasida uzatuvchi telefon mikrofonidagi tebranishlarning aynan oʻzini hosil qiladi. Oʻz navbatida, membrana havoda mikrofonga yuborilgan toʻlqinlarga oʻxshash tebranishlarni yaratadi. Bu havo toʻlqinlari telefon tarmogʻining boshqa uchidagi odamning qulogʻiga yetib borganida u ogʻzimizdan chiqqan tovushlarning xuddi oʻzini eshitadi.

Endi esa Aleksandr Grexem Bell telefonni qanday ixtiro qilgani haqidagi hikoyaga oʻtamiz. U 1875-yil 2-iyunda bitta sim orqali bir vaqtning oʻzida bir nechta telegraf² xabarini uzatish maqsadida AQSHning Massachusetts shtati Boston shahrida tajriba oʻtkazayotgan edi. Buning uchun u poʻlat sim chiviqlar³ toʻplamidan foydalandi. Bell qabul qiluvchi moslama bilan bir xonada, uning yordamchisi Tomas Uotson esa uzatuvchi qurilma bilan boshqa xonada boʻlgan. Uotson tebranib jiringlagan ovoz hosil qilishi uchun poʻlat sim chiviqlarni chertgan. Toʻsatdan xonaga: “Hech narsaga tegmang! Siz nima qildingiz? Qani, men bir qaray-chi!” deya hayqirib Bell kirib keldi. U poʻlat sim chiviq magnit ustida tebranib oʻzgaruvchan tokni keltirib chiqargani va u sim orqali qabul qiluvchi moslamaga uzatilganini aniqladi. Bu Bellning xonasidagi sim chiviqning tebranishiga olib kelgan va aynan bir xil jiringlash ovozini hosil qilgan.

Ertasi kuni birinchi telefon yaratildi va ilk telefon tarmogʻi orqali ovozli tovushlar binoning yuqori qavatidan ikki qavat pastga uzatilishi mumkin edi. Keyingi yilning 10-martida esa haqiqiy telefonda aytilgan birinchi ibora yangradi: “Janob Uotson, bu yerga keling, siz menga keraksiz!” ?


[1] Membrana — tebranma harakat qila oladigan parda yoki yupqa plastinka. 
[2] Telegraf — uzoq masofalarga telegramma, radiotelegramma tarzida shoshilinch xabar uzatish yoki uni qabul qilib olish uchun xizmat qiladigan aloqa tizimi va uning vositalari.
3] Chiviq — ingichka va uzun metall tayoqcha.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!