Termometrni kim ixtiro qilgan?
Termometr nima? Termometr haqida ma'lumot
2 min
Tarix

Hech oʻzingizga: “qiziq, bu qanchalik issiq ekan?” yoki “bu qanchalik sovuq ekan?” deb savol berib koʻrganmisiz? Bu savolga javob berishdan oldin boshqa bir savol tugʻiladi: issiq yoki sovuq harorat qanday oʻlchanadi? Albatta, termometr bilan! ?

Termometr — “termo” — “issiqlik”, “metr” esa “oʻlchov” degan maʼnoni anglatadi. Shunday qilib, termometr “issiqlik (yoki harorat) oʻlchagich”dir.

Termometrga qoʻyiladigan asosiy talab: u bir xil haroratda har doim bir xil koʻrsatkichlarni berishi kerak. Italiyalik olim Galiley buni taxminan 1592-yilda (Kolumb Amerikani kashf etganidan 100 yil oʻtgach) tajribalarini boshlaganida tushungan. U “havo termoskopi” deb atash mumkin boʻlgan termometr turini yaratishga muvaffaq boʻlgan. Galileyning “termometri” shisha naycha va havo bilan toʻldirilgan ichi boʻsh sharchadan iborat boʻlgan. Soʻngra ular ichidagi havoni kengaytirish uchun qizdirilgandan keyin naychaning ochiq uchi suyuqlikka, masalan, suvga botirilgan. Naychadagi havo sovugani sayin u siqilib hajmi kamaya boshlagan, suyuqlik esa uning boʻshagan oʻrnini egallashga intilib naychadan yuqoriga koʻtarilgan. Haroratning oʻzgarishi naychadagi suyuqlik darajasining koʻtarilishi yoki pasayishiga olib kelgan. Bu birinchi “termometr” edi, chunki u issiqlikni oʻlchagan. Ammo eʼtibor bering: aslida u naychadagi havoning kengayishi va siqilishini qayd etgan. Shuning uchun bu termometr maʼlum joydagi haroratni aniq oʻlchagan deyish qiyin: axir unga atmosfera bosimidagi oʻzgarishlar taʼsir koʻrsatgan.

Zamonaviy termometr haroratni oʻlchash uchun suyuqlikning kengayishi va siqilishidan foydalanadi. Bu suyuqlik ingichka naychaga biriktirilgan shisha pufakcha ichiga solinib, germetik¹ tarzda kavsharlanadi. Haroratning koʻtarilishi suyuqlikning kengayishiga va naycha ichida koʻtarilishiga, pasayishi esa siqilib, pastga tushishiga olib keladi. Naychadagi darajalangan shkala bizga haroratni koʻrsatadi.

Bu turdagi termometr birinchi marta taxminan 1654-yilda Toskana (Italiyadagi hudud) buyuk gersogi Ferdinand II tomonidan qoʻllangan.

Keyingi safar biror joyda termometr koʻrib qolsangiz, sizda u qanday ishlaydi degan savol tugʻilmaydi. Uning oʻrniga “hey, termometr, sinaps.uz saytida sen haqingda oʻqiganman”, deysiz.


[1] Germetik — zich berkitiladigan, havo yoki suyuqlikni mutlaqo oʻtkazmaydigan.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!