20.02.2024
Qadimgi afsonalarda uchishga uringan odamlar haqida hikoya qilinadi. Masalan, mum va patlardan yasalgan qanotlar yordamida uchgan Dedalning oʻgʻli Ikar. Bu oʻrnak koʻp asrlar davomida yelkaga bogʻlangan qoʻlbola moʻrt qanotlar bilan balandlikdan uchishga uringan koʻpchilikning oʻlimiga sabab boʻlgan. Asta-sekin odamlar hech qachon qushlarga taqlid qilib uchib boʻlmasligini anglay boshlagan. Buning uchun mutlaqo yangi boshqa narsa talab qilingan.
Bilishimizcha, bu gʻoyani birinchi boʻlib Rojer Bekon (1214-1292) aytgan: “Parvozlar uchun oʻrtasida odam oʻtiradigan harakatlantirgich vositalarni ishlab chiqarish mumkin…” XVII asrda odamzod havodan yengilroq boʻlgan transport vositalarini yaratish bilan shugʻullandi va issiq havo yoki vodorod bilan toʻldirilgan havo sharlaridagi birinchi parvozlar boshlandi.
Biroq havo sharlarining katta kamchiligi shunda ediki, yoʻlovchilar butunlay ob-havoning injiqliklariga bogʻliq boʻlib, doimo kerakli manzilga borolmagan. Inson hali ham haqiqiy parvozlardan yiroqda edi. Havodan ogʻirroq mashinaning birinchi uchar modeli 1804-yilda paydo boʻlgan. Bu maydoni 994 kvadrat santimetrga teng dum qanotli varrak edi. 1848-yilda Jon Stringfellou qiya tortilgan sim orqali bugʻ dvigatelida ishlaydigan 9 metrli monoplanni uchirgan. U boʻz ekranga taqalgancha asta-sekin sim boʻylab koʻtarilib borgan.
Ruslarning ta’kidlashicha, 1882-yilda Aleksandr Mojayskiy bugʻ dvigatelli katta samolyotda parvoz qilgan. 1896-yilda doktor Samuel Pirpont Lengli qanotlari kengligi 5 metr boʻlgan biplanda 925 metr masofaga muvaffaqiyatli parvoz qilgan. 1903-yil 17-dekabrda Orvil Rayt oʻz samolyotining qoʻlbola dvigatelini oʻt oldirib, havoga koʻtarilgan.
Bu parvoz hozirgi mezonlarga koʻra unchalik taʼsirchan emas: u atigi 36 metr masofani uchib oʻtgan. Ammo bu Orvil va uning ukasi Uilburning birinchi boʻlib samolyotni qurib, unda boshqariladigan rejimda parvoz qilishi uchun yetarli edi. Birinchi muvaffaqiyatli parvoz 1902-yilda Preston Uotson tomonidan Santos-Dyupon dvigateli bilan jihozlangan biplanda amalga oshirilgani taxmin qilinadi, ammo bu fakt rasmiy tasdiqlanmagan.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.