Emlashni birinchi bo‘lib kim boshlagan?
Birinchi emlash qachon bo'lgan? Emlashning ahamiyati.
2 min
Tarix

Kunlardan bir kun, 1768-yilda glostershirlik shifokor qabuliga maslahat olish uchun yoshgina sogʻuvchi qiz kelgan. Suhbat davomida oʻsha vaqtlarda ommaviy qoʻrquvni keltirib chiqargan chechak kasalligi haqida soʻz ketgan. Sogʻuvchi qiz uni yuqtira olmasligini, chunki u allaqachon alomatlari chechak bilan bir xil, ammo ancha yumshoq shaklda kechadigan sigir chechagi bilan ogʻriganini aytib oʻtgan. Bu so‘zlarning ahamiyati suhbatda qatnashgan yosh tibbiyot talabasi Edvard Jennerning eʼtiboridan chetda qolmagan.

Bu gʻoya uning fikri-zikrini toʻliq egallagan. Diplomini olgach, 1773-yilda amaliyotchi shifokor sifatida Glostershirdagi kichik qishlogʻiga qaytib kelib, keyingi yigirma yil davomida ishdan boʻsh vaqtini tadqiqot va tajribalarga bagʻishlagan. U sogʻuvchi qiz haq boʻlganini — sigir chechagi bilan ogʻriganlar kamdan-kam hollarda haqiqiy chechakka chalinishini aniqlagan.

1796-yilda u odamlarni kelajakda chechakdan himoyalash uchun sigir chechagi bilan emlab, birinchi tajribasini oʻtkazgan. 1798-yilda u ilk bor eng muhim tajribani amalga oshirgan: toʻrtta bolani avval sigir chechagi, keyin esa haqiqiy chechak bilan emlagan. Xayriyatki, ularning hech biri bu dahshatli kasallikka chalinmagan.

Vaksinatsiya yoki emlash uning bu kasallikdan deyarli butunlay xalos etadigan buyuk kashfiyoti boʻlgan. Dastlab, emlashga koʻpchilik qarshi boʻlgan, ammo oxir-oqibat, uning zarurati shu qadar umumeʼtirof etilganki, hatto bizning davrimizdagi deyarli barcha sivilizatsiyali mamlakatlarda chet elliklarga faqat barcha kerakli emlashlar olingan taqdirdagina kirishga ruxsat beriladi. Ko‘plab mamlakatlarda deyarli hamma emlanadi va bu muolajalar odatda chaqaloq oʻn besh oylik boʻlganda boshlanadi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!