Dengiz qaroqchilari qachon paydo bo‘lgan?
Qaroqchilik davom etgan uzoq davr haqida. Bukanirlar kimlar?
2 min
Tarix

Qaroqchilik yoki dengiz talonchiligi bir necha ming yillardan beri mavjud. Hatto qadimgi yunon va rim kemalari ham Egey va Oʻrta dengizda qaroqchilar hujumiga uchragan. Qaroqchilar shu qadar qudratli boʻlganki, ular hatto hozirgi Turkiya hududida oʻz davlatlarini tuzgan. Ularni tor-mor qilish uchun miloddan avvalgi 67-yilda rimliklar maxsus ekspeditsiya yuborishga majbur boʻlgan.

Qaroqchilik davom etgan uzoq davr 1300-yildan 1830-yilgacha boʻlgan vaqtga toʻgʻri keladi. Qaroqchilar Shimoliy Afrikaning Marokash, Jazoir, Tunis va Liviya kabi mamlakatlaridagi portlarida boshpana topgan. Ular Oʻrta dengizda Yevropa kemalarini egallab, talon-taroj qilishgan, yoʻlovchi va dengizchilarni esa qul qilib sotishgan yoki ular evaziga toʻlov olish uchun asir olishgan. Fransuzlar 1830-yilda Jazoirni bosib olmaguncha, bu joylarda dengiz qaroqchiligi toʻxtamagan. Qaroqchilarni “bukanirlar” deb ham atashgan. Bu nom XVI asr oxiri va XVII asr boshlarida Ispaniya Meynida harakat qilgan qaroqchilarga tegishli.

“Ispaniya Meyni” nomi dastlab Markaziy va Janubiy Amerikadagi Karib dengizi sohillarini anglatgan. Bukanirlar davrida esa bu nom butun Karib dengiziga tegishli boʻlgan. Bukanirlar odatda Gʻarbiy Hindiston orollari va bandargohlarida toʻplangan turli mamlakatlardan kelgan dengizchi va qochqinlardan iborat boʻlgan. Ular yovvoyi hayvonlarni ovlab, go‘shtini “bukan” deb nomlangan maxsus moslamalarda qoqlagan. Bukanirlarning nomi ana shundan kelib chiqqan.

Qaroqchilar oʻz xazinalarini sir saqlash uchun koʻpincha oltin, kumush va zargarlik buyumlarini yerga koʻmgan. Koʻpchilik hozirgacha ham Floridadan Texasgacha boʻlgan qirgʻoq boʻylab koʻplab qaroqchilar xazinasini topish mumkinligiga ishonadi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!