20.02.2024
Oʻqotar qurollarning birinchi namunalari XIV asrda paydo boʻlgan. Ular qoʻl toʻpi nomi bilan tanilgan. Ular orqa qismi yopiq mis va temir quvurlar (stvollar)dan iborat boʻlgan. Quvurning xuddi shu (dastaga yaqin) tomonida uning ichidagi poroxni yoqish uchun kichik teshik ochilgan. Dastada oʻyilgan joy boʻlib, unga miltiq qoʻndogʻi oʻrnatilgan. Qurolning oʻq otadigan mexanizmi tepki deb ataladi.
Taxminan 1425-yilda dastadagi oʻyilgan joyning bir tomoniga yonib turgan piltani ushlab turadigan ayri temir parchasi oʻrnatilgan. Bu moslama yordamida pilta bilan zaryadni yoqish mumkin boʻlgan. Shu tarzda oʻq otadigan miltiq mushket deb atalgan. Navbatdagi takomillashtirish — oʻqchi miltiqni yelkasiga qoʻyib, uning tepishini oʻziga olishga imkon beradigan egri shakldagi qoʻndoq edi. Shu bilan birga, bu unga stvol boʻylab qarab, nishonga olishga yordam bergan. Bunday qurol arkebuz deb atalgan.
Taxminan 1515-yillarda gʻildirakli tepki ixtiro qilingan. Yuzasi dagʻal poʻlat gʻildirakcha kremniyga ishqalanib uchqun chiqargan. Bu uchqunlar stvoldagi zaryad teshigi bilan bogʻlangan tokchadagi poroxni alanga oldirgan. XVII asrning oxiriga kelib, kremniyli qurollar imkon qadar takomillashtirilgan. Ammo ularning ishlash prinsipi oʻsha holida qolib, kichik oʻzgarishlar bilan taxminan 1840-yilgacha ishlatilgan.
1807-yilda “zarba” tizimi ixtiro qilingan. Undagi porox zaryadi kremniy bilan emas, balki tepki bolgʻachasi uriladigan yonuvchi moddaga ega kapsula yordamida yondirilgan.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.