Mebel qachon paydo bo‘lgan?

Mebellarga odamlar oʻtiradigan, uxlaydigan yoki ovqatlanadigan buyumlar kiradi. Shuning uchun ibtidoiy odam gʻorda uxlaganda tagiga toʻshab yotgan boʻri terisini ham mebel deb atash mumkin. Odamzod suyak qurollarini saqlaydigan birinchi qoʻpol qutini yasaganida, u birinchi shkafni yaratgan.

Zamonaviy talqindagi mebel haqida birinchi maʼlumotni qadimgi Misr tarixida topamiz. Misrliklar kamida 4000 yil oldin stul, stol, kursi sandiqlardan foydalangan. Ular yasagan oʻrindiqlarning baʼzilari baland suyanchiq va tirsaklagichlarga ega boʻlib, hayvonlarning oʻyib ishlangan tasvirlari bilan bezatilgan. Ularda oyoqlari zamonaviy safar stulchalariniki kabi bukiladigan oddiy kvadrat kursilar ham boʻlgan. Misr karavotlari baʼzan juda past shunchaki rom boʻlgan. Misrliklar yostiqlardan foydalanmagan va ular oʻrniga boshlari ostiga yogʻoch va fil suyagidan yasalgan bolish qoʻyishgan.

Bobillik va ossuriyaliklarning ham mebellari juda murakkab boʻlgan. Shoh va malikalar baland kushetkalarda hordiq chiqarishgan, oyoq qoʻyish uchun kursilardan foydalanishgan yoki baland oʻrindiqlarda oʻtirishgan, taomni esa baland peshtaxta va stolda oʻtirib tanovul qilishgan. Yunonlarning uy jihozlari oddiyroq boʻlgan. Ularning uylarida faqat toʻshak, stullar va ovqatlanish uchun kichik stollardan foydalanilgan. Ovqatlanish paytida erkaklar past toʻshaklarda yonboshlab yotgan, ayollar esa stullarda oʻtirgan. Ularning yotoqlari yoki toʻshaklari misrliklarnikiga oʻxshash boʻlgan.

Rimliklar yunonlarning urf-odatlarini oʻzlashtirib olgan. Ammo uylarini turli xil buyumlar bilan bezashni yoqtirgani uchun ular koʻproq mebelga ehtiyoj sezgan. Ortiqcha narsalarni yigʻib qoʻyish uchun javonlarni oʻylab topishgan, oʻyma naqshli rang-barang boʻyalgan sandiqlardan foydalanishgan. Rimliklarning stollari metall, fil suyagi va toshlar bilan bezatilgan.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!