Qachon odam karavot yasay boshlagan?
Birinchi karavot qachon yasalgan?
2 min
Tarix

Birinchi karavotni kim yasaganini hech kim bilmaydi. “Karavot” soʻzi bilan biz uxlashimiz uchun xizmat qiladigan mebel buyumini nazarda tutamiz. Qadimgi ossuriyalik, midiyalik va forslarning juda murakkab tuzilishga ega karavotlari boʻlgan. Ular tosh, yogʻoch yoki metalldan yasalgan boʻlib, koʻpincha juda chiroyli tarzda bezatilgan.

Qadimgi misrliklar yogʻoch karavotlarda uxlagan. Bunday karavotlarning karkasi hozirgi zamonaviylarnikiga oʻxshaydi. Yunonlarning karavotlari bosh tomonida suyanchigʻi bor yogʻoch karkasdan iborat boʻlib, unga koʻndalang tarzda charm kamarlar tortilgan va ustiga teri tashlangan. Keyinchalik bu karavotlar juda serhasham koʻrinish ola boshlagan. Karavotga qimmatbaho yogʻochlar bilan pardoz berib yoki kumushdan oyoqlar qoʻyilib, fil suyagidan yasalgan. Karavotlar bronzadan ham yasalgan.

Rimliklarning karavotlari shunchalik baland boʻlganki, unga faqat zinapoyadan koʻtarilish mumkin boʻlgan. Chamasi, ikki kishilik karavotlar birinchi ularda paydo boʻlgan. Ular usti hashamdor pardalar bilan yopilgan va gʻaroyib tarzda bezatilgan. Rim imperatorlaridan birining karavoti sof kumushdan yasalgan!

Oʻrta asrlarda koʻpchilik odamlar bevosita polda, qandaydir toʻshak yoki devorga taqab qoʻyilgan kursilar ustida uxlagan. Shuningdek, soch, jun yoki patlar bilan toʻldirilgan matraslardan ham foydalanib, teri bilan yopinishgan. Ammo XIII asrga kelib karavotlar yanada serhashamlashgan. Karkas yogʻochdan yasalgan va u rang-barang boʻyalib, naqshlar bilan bezatilgan. Keyinchalik shiftga osiladgan yoki devorlarga mahkamlanadigan karavotlar paydo boʻlgan. Koʻp oʻtmay karavot uy jihozlarining muhim qismiga aylangan.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!