20.02.2024
Qadimdan yarmarkalar mahsulotlarni sotish va sotib olishning eng ommabop usullaridan biri boʻlib kelgan. Boshqa tomondan, koʻrgazmalar boshqa maqsadlar uchun ham xizmat qilgan. Ular muayyan bir davr mobaynida biror mamlakat yoki bir nechta mamlakatlarning sanoat va sanʼatdagi yutuqlarini namoyish etishga ham moʻljallangan edi.
Birinchi koʻrgazma yoki “jahon yarmarkasi” 1851-yilda Londondagi Gayd-Parkda oʻtkazilgan sanoat koʻrgazmasi boʻlgan. Butun ekspozitsiya bitta bino — Billur Saroyda joylashgan. Ulkan oranjereyaga oʻxshash bu bino metall va shishadan qurilgan. Ammo u 1936-yildagi yongʻinda vayron boʻlgan. Amerikadagi birinchi xalqaro koʻrgazma 1853-yilda Nyu-Yorkda tashkil etilgan. Garchi unda 5000 nafardan ortiq kishi ishtirok etib, ularning yarmi 23 mamlakatdan kelgan boʻlsa-da, bu koʻrgazma muvaffaqiyat qozonmagan.
AQShdagi birinchi yirik koʻrgazma 1876-yilda Pensilvaniya shtatining Filadelfiya shahrida Mustaqillik deklaratsiyasi imzolanganining yuz yilligi munosabati bilan tashkil etilgan. Unda birinchi marta minglab odamlar butun mamlakatda ishlab chiqariladigan mahsulotlar va ishlab chiqaruvchilar bilan tanishishga muvaffaq boʻlgan. Bu koʻrgazmada Aleksandr Grem Bell oʻzi ixtiro qilgan telefonni birinchi marta ommaga namoyish etgan.
Boshqa mashhur koʻrgazmalar sirasida 1851-yildagi koʻrgazmaning yuz yilligi munosabati bilan 1951-yilda tashkil etilgan “Britaniya festivali”, shuningdek, Kanadada juda muvaffaqiyatli oʻtgan “Expo-67”ni tilga olish mumkin.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.