20.02.2024
Igna — bir uchi oʻtkir, ikkinchisida esa ip oʻtkaziladian teshigi bor juda kichik ish quroli. Inson ignani shu qadar uzoq vaqt avval oʻylab topganki, hatto u qachon ixtiro qilinganini ham ayta olmaymiz. Biz faqat dastlabki ignalar suyak, fil suyagi, bronza yoki shoxdan yasalganini bilamiz. Ularning ayrimlari etikdoʻzlar foydalanadigan teshigi yoʻq bigizga oʻxshaydi. Ular turli xil materiallarda teshik ochish uchun ishlatilgan. Tosh davri buyumlari orasida baliq va qush suyaklaridan yaxshi ishlov berib yasalgan ignalar topilgan. Taraqqiy etgan xalqlar ming yillar davomida teshigi bor suyak ignalardan foydalangan.
Qadimgi Misr xarobalarida hatto toshdan yasalgan ignalar ham topilgan. Rimliklarda bronza va temir ignalar boʻlgan. Pompeydagi qazish ishlarida koʻplab yaxshi yasalgan ignalar uchragan. Taxminlarga koʻra, zamonaviylariga oʻxshash poʻlat ignalar dastlab xitoyliklar tomonidan ishlab chiqarilgan. Ular Yevropaga Oʻrta asrlarda mavrlar tomonidan olib kelingan. Yevropada birinchi poʻlat ignalar XIV asrda Germaniyaning Nyurnberg shahrida ishlab chiqarilgan.
Qirolicha Yelizaveta I hukmdorligi davrida nemis Elias Grouze inglizlarga poʻlat ignalar yasashni oʻrgatgan. Hozir bu Angliya sanoatidagi muhim soha boʻlib, Fransiya bilan bir qatorda ignalarning asosiy ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi. Tikuv ignalarini tayyorlash yaxshi mexanizatsiyalashgan boʻlsa-da, ularni tayyorlash hali ham murakkab jarayon hisoblanadi. Umuman olganda, ishlab chiqarish jarayonida igna 20 dan ortiq odamning qoʻlidan oʻtadi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.