Alyaskani kim kashf etgan?
Alyaskani kim kashf etgan?
2 min
Tarix

Alyaskaga kelgan oq tanlilar u yerda eskimos, aleut va hindular yashashiga guvoh boʻlgan. Alyaska oq tanlilar tomonidan kashf etilgan va oʻzlashtirilgan dunyodagi eng katta hududlardan biridir. XVIII asrning boshlarida ruslar Sibir orqali Tinch okeani tomon harakatlangan. 1728-yilda Rossiya hukumati xizmatida boʻlgan daniyalik Vitus Bering Kamchatkadan sharq tomon suzgan. U avliyo Lavrentiy oroli boʻylab suzib oʻtgan, ammo qitʼada joylashgan Alyaskaga yetib borolmagan. 1741-yilda Bering ikkita kichik kemada ikkinchi ekspeditsiyasini boshlagan. U kemalardan biri boʻlgan “Avliyo Pyotr”ga, ikkinchisi — “Avliyo Pavel”ga esa Aleksey Chirikov boshchilik qilgan. Shtorm kemalarni tarqatib yuborgan boʻlsa-da, ikkalasi ham Alyaskaga yetib borgan.

Keyingi ikki asr davomida rus ovchilari Alyaska suvlarida moʻynali hayvonlarni ovlash bilan shugʻullangan. Ular koʻplab manzilgohlarni tashkil etgan, koʻp joylarda rus missionerlari rahbarligida aleut va hindular tomonidan qurilgan antiqa cherkovlar saqlanib qolgan. Keyinchalik Alyaska qirgʻoqlari Ispaniya, Fransiya va Buyuk Britaniya dengizchilari tomonidan ham oʻzlashtirilgan. Ammo aynan ruslar Alyaskadan Yevropadagi poytaxtlarga juda koʻp miqdorda moʻyna yetkazib beradigan manba sifatida foydalangan. Keyinchalik moʻynali hayvonlar soni kamayib borgan va 1820-yillarga kelib ruslar Alyaska sohillarini tark eta boshlagan.

Rossiya podshosi Aleksandr II Alyaskaga unchalik qiziqish bildirmagan. Linkoln prezidentligi davridagi davlat kotibi Uilyam Genri Syuard oʻz hukumatini Alyaskani ruslardan sotib olishga koʻndira olgan va 1867-yilda Alyaska hududi Qoʻshma Shtatlarga 7 million 200 ming dollarga, yaʼni har bir akri ikki sentdan kam qiymatda sotilgan! Bugungi kunda Alyaska AQShning oddiygina 49-shtati emas, balki qiymatga ega shtatdir, chunki bu hududning asl qiymatini dollar bilan oʻlchab boʻlmaydi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!