Amerikada birinchi qora tanli qachon paydo bo‘lgan?
Amerikada birinchi qora tanli qachon paydo bo'lgan?
2 min
Tarix

Ehtimol, haqiqiy amerikaliklar faqat hindulardir degan gapni eshitgan boʻlsangiz kerak. Qolganlarning hammasi bu yerga boshqa mamlakatlardan kelganlarning avlodlaridir. Qora tanlilar ham u yerga boshqa mamlakatlardan borgan. Ammo koʻpchilik birinchi qora tanlilar Amerikaga kashshof sifatida borganini bilmaydi! Ular bu yerga sayohatchi yoki tadqiqotchilar sifatida kelgan ispan, fransuz va portugallar bilan birga kelgan. Qora tanlilar Balboa Tinch okeanini kashf etganida ham, Kortes Meksikani zabt etganida ham ular bilan birga boʻlgan. Qora tanlilar ispan, fransuz va portugallar bilan birga Shimoliy Amerika qitʼasi ichiga qadar sayohat qilib, Nyu-Meksiko, Arizona va Missisipi vodiysigacha yetib borgan. Yangi Dunyoda bugʻdoy yetishtirishni aynan qora tanlilar boshlagan.

Albatta, keyinchalik qora tanlilar Yangi Dunyoga boshqa maqsadda — qul sifatida olib kelingan. 1619-yilda Gollandiyaning bir kemasi kapitani kerakli oziq-ovqat uchun toʻlov qilish maqsadida Virjiniyadagi Jeymstaunga 20 ta qora tanlini olib kelib sotgan. Oʻsha paytlarda koʻplab oq tanlilar Amerikaga “shartnoma asosida” qul sifatida ishlash uchun kelgan.

Bu bilan ular bir muncha vaqtga oʻz mehnatini sotishi koʻzda tutilgan. Ammo Yevropadan oq tanlilar kelmay qoʻygach, qitʼaga qora tanlilarni olib kelish boshlangan. Bu jarayon 1688-yilda boshlangan va 1715-yilga kelib u yerda 58 mingdan ortiq qora tanli qul boʻlgan. 1775-yilda bu raqam 500 minggacha ortgan. 1807-yilda prezident Tomas Jeffersonning iltimosiga binoan Kongress mamlakatga ortiq qullarni olib kelmaslik uchun ovoz bergan. Ammo qonun boʻlsa ham, qul savdosi davom etgan. 1860-yilga kelib, fuqarolar urushidan oldin Qoʻshma Shtatlarda taxminan 4 400 000 qora tanli boʻlgan.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!