20.02.2024
Biz shaharlarni sivilizatsiyamizning bir qismi deb bilamiz. Katta shaharlar turli xil odamlar birgalikda ishlash va yashashni oʻrganganida paydo boʻlgan. Shahar, shaharcha va qishloq bir-biridan asosan oʻlchami bilan farq qiladi. Koʻpgina hollarda shahar eng katta aholi punktidir.
Deyarli barcha shaharlar qishloqlardan kengayishi tufayli hosil boʻlgan. Birinchi shahar qachon va qayerda paydo boʻlganini hech kim bilmaydi. Unga birorta koʻchmanchi ovchilar qabilasi tomonidan asos solingan boʻlishi mumkin. Ovchilar topgan joy ularga shunchalik yoqqanki, ular oʻsha yerda qolishni xohlagan. Bu miloddan avvalgi 6000-yil yoki undan ham oldinroq sodir boʻlgan. Taxminan miloddan avvalgi 3000-yil odamlar katta shaharlar qurib, ularda yashay boshlagan.
Tarixdan ilgarigi davrlarda odamzod tutilgan hayvonlar qoʻlga oʻrgatilsa, oziq-ovqat taʼminoti ancha yengillashishini aniqlagan. Odamlar har safar och qolganda oʻrmon boʻylab hayvonlarni quvib yurishni istamagan. Shuningdek, ular oʻsimliklarni parvarish qilib, koʻproq meva va don olish mumkinligini ham bilib olgan. Shu tarzda qishloq xoʻjaligi paydo boʻlgan. Ammo bir vaqtning oʻzida ham koʻchmanchilik, ham yerga ishlov berib boʻlmas edi. Hosilni yigʻib olish uchun bir joyda qolish kerak edi. Chorva mollarini haydab yurish ham oson ish boʻlmagan. Qabilalar turgʻun hayot kechira boshlagach, qishloq va shaharchalar paydo boʻlgan.
Birinchi qishloqlar teri, yogʻoch yoki loydan qurilgan binolardan iborat boʻlgani uchun ulardan hech narsa qolmagan. Vaqt oʻtishi bilan odam bardoshli materiallar yasashni oʻrgangan va qishloqlar kengayib, shaharlarga aylana boshlagan.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.