Plastmassani kim ixtiro qilgan?

“Plastmassa” soʻzi “shaklini oʻzgartirishga qodir modda” degan maʼnoni anglatadi. Qizdirilgan plastmassa plastilinga oʻxshash holatga kelib, undan turli xil shakldagi buyumlar tayyorlanishi mumkin va plastmassa soviganida bu saqlanib qoladi. Plastmassa ishlab chiqarish uchun kimyogarlar ishni molekulalardan boshlaydi. Baʼzi moddalarning molekulalari anʼanaviy molekulalarga nisbatan boshqa xususiyatlarga ega boʻlgan zanjirlarga birlashtiriladi. Molekulalarning bunday zanjirlarga bogʻlanishi polimerizatsiya deb ataladi.

Polimerizatsiya yordamida yangi materiallar ishlab chiqariladi. Polimer boʻlaklari kukunga aylantiriladi yoki ulardan granulalar tayyorlanadi. Ularga boʻyoqlar, shuningdek, qayishqoqlikni taʼminlaydigan moddalar qoʻshiladi. Plastmassa kimyogarlarga taxminan 125 yil oldin maʼlum boʻlgan va ular bilan ishlashgan. Vinil 1838-yilda, stirol 1839-yilda, akril 1843-yilda, poliester esa 1847-yilda olingan. Ammo oʻsha paytda yogʻoch, metallar, kauchuk, teri va fil suyagi kabi tabiiy materiallar koʻp miqdorda boʻlgani uchun bunday sintetik materiallarga ehtiyoj hali boʻlmagan. Birinchi boʻlib fil suyagi zaxiralari tugagan. Uning oʻrnini bosa oladigan materialni topganga mukofot eʼlon qilingan.

Bu masala ustida ishlayotgan Jon Xayt va uning akasi Isaya Xayt 1870-yilda selluloidni kashf qilgan va patentlagan. Selluloid koʻplab kamchiliklarga ega, ammo ularning kashfiyoti qolgan kimyogarlarga ham boshqa sintetik materiallarni ishlab chiqishda davom etish zarurligini namoyish etgan.

1907-yilda Leo Bekeland koʻp miqdorda ishlab chiqarilgan birinchi sintetik material — fenol plastmassani ishlab chiqqan. Oʻshandan beri koʻplab turli xil plastmassa turi yaratildi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!