20.02.2024
Inson koʻp narsadan qoʻrqadi. Agar u nima roʻy berayotganini tushunolmasa, ayniqsa, bu uni qoʻrqitsa yoki zarar yetkazsa, u bu hodisani qandaydir sirli tarzda izohlashga harakat qiladi. Qurgʻoqchilik, momaqaldiroq, chaqmoq, ruhiy va jismoniy kasalliklar kabi hodisalarni izohlashning yagona usuli jodugarlikka ishonish boʻlgan. Jodugar katta kuch va qudratga ega, oʻz kuchidan yovuzlik uchun foydalanadigan shaxs deb hisoblangan. Ayrim odamlar jodugarlarga yovuz ishlarida shayton yordam berishiga ishongan. Odatda, jodugar ayol kishi boʻlgan. Odamlar uning tunda hamma joyda supurgi minib yugurib yurishini taxmin qilgan. Agar u erkak kishi boʻlsa, uni sehrgar yoki afsungar deb atashgan.
Jodugarlikka ishonish yuzlab yillar oldin paydo boʻlib, savodsiz odamlarning tasavvuriga asoslangan. Shuning uchun ham ularga kutilmagan ofatlarni izohlash oson boʻlgan. Xristianlikning ilk davrida jodugarlar gʻayritabiiy kuch evaziga oʻz ruhini iblis, dajjol yoki boshqa yovuz ruhlarga sotgan deb hisoblangan.
1484-yilda Papa Innokentiy VIII sehr-joduni rasman qoralab, xususan, uni Yevropani qamrab olgan dahshatli oʻlatda ayblab fatvo bergan. XVII asr davomida Rim katoliklari ham, protestantlar ham minglab odamlarning oʻlimiga sabab boʻlgan jodugarlarga ov boshlagan.
Angliyada professional jodugar qidiruvchilar boʻlgan. Ular mamlakat boʻylab sayohat qilgan va odamlarda jodugarlik belgilarini qidirib, kim jodugar yoki afsungar boʻlganini aniqlagan. 1647–1663-yillarda Massachusets va Konnektikut shtatlarida yuzlab odamlar jodugarlikda ayblangan. Bugungi kunda shifokorlarning fikriga koʻra, koʻplab tush va hissiyotlarning sababchisi deb hisoblangan sehr-jodu aslida vasvasa va ruhiy kasalliklar natijasi boʻlgan.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.