20.02.2024
Neftning yana bir nomi — petroleum bizga uning qanday paydo boʻlgani haqidagi jumboqning yechimini beradi. “Neft” soʻzi “qoya yogʻi” degan maʼnoni anglatadi. Olimlarning taxminiga koʻra, neft yer yuzasining katta qismini qoplagan iliq dengizlar qirgʻogʻida va suvda yashagan oʻsimlik va hayvonlar qoldigʻidan hosil boʻlgan. Nobud boʻlgan oʻsimlik va hayvonlar dengiz tubida toʻplanib borgan. Vaqt oʻtishi bilan ularni millionlab tonna qum va balchiq qoplagan. Bosim ostida balchiq va qumdan qoyalar hosil boʻlgan. Oʻsimlik va hayvonlar qoldigʻi quyuq suyuqlikka aylanib, qoyalar kovakchalariga kirib borgan.
Yer qobigʻining ayrim maydonlari yuqoriga koʻtarilishi natijasida dengiz tubining baʼzi qismlari quruqlikka aylangan. Suyuqlikning bir qismi asta-sekin yer yuziga sizib chiqqan va odamlar uni topishga muvaffaq boʻlgan. Petroleum yoki xom neft ming yillar davomida ishlatilgan. Qadimgi misrliklar va xitoyliklar uni davolovchi vosita sifatida ishlatgan. Hindistonda u xristianlik davridan ancha oldin yoqilgʻi sifatida ishlatilgan.
XIX asrning oʻrtalariga qadar yer yuziga sizib chiqqan neftni toʻplash uni olishning yagona usuli boʻlgan. Baʼzan u daryolar yuzasidan yoki ohaktoshli yerlardan yigʻilgan. Quduqdan olinadigan xom neft juda kam hollarda ishlatiladi. Uni tozalash kerak va qayta ishlash jarayonida neftga tabiiy ravishda tushgan turli moddalar ajratib olinadi. Bu jarayon natijasida biz benzin, kerosin, yogʻlash uchun ishlatiladigan moylar, dizel yoqilgʻisi va asfaltga ega boʻlamiz.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.