20.02.2024
Oltin insonga maʼlum boʻlgan birinchi metall deb hisoblanadi. Buning sabablaridan biri shundaki, tabiatdagi oltin boshqa metall yoki jinslar bilan aralashmagan sof holatda boʻladi. Ehtimol, ibtidoiy odamning eʼtiborini oltinning och sariq rangi va jilvakorligi tortgan boʻlishi mumkin. Bu yilnomalar paydo boʻlishidan ancha oldin sodir boʻlgani uchun bu haqida aniq maʼlumotlar yoʻq. Oltin haqidagi 5500 yildan ortiqroq davrga oid ayrim dastlabki qaydlar Yevropa qirollarining xazinalariga aloqador.
Oltin haqidagi keyingi qaydlar miloddan avvalgi 2470-yilda qoʻshni davlatlarni zabt etib, talon-taroj qilingan oltinni olib ketgan qadimgi ossuriyaliklar bilan bogʻliq. Yunon va Rim shohlari ham oltinni yaxshi koʻrgan. Ular imkon qadar ko‘proq oltinga egalik qilish uchun konlarda qullar mehnatidan foydalangan va bosib olingan mamlakatlardan oʻgʻirlangan oltinni olib chiqib ketgan. Oʻrta asrlarda odamlar oltinga ega boʻlishni shunchalik xohlaganki, ular hatto boshqa metallarni oltinga aylantirish yoʻlini topishga harakat qilgan. Buning uchun juda koʻp turli xil metallarni aralashtirib va eritib koʻrishgan, ammo bunday usul topilmagan.
Keyinchalik Ispaniya oltin qidirish uchun koʻplab tadqiqotchilarini dunyoning barcha burchaklariga yuborgan. Biron bir joyda topilgan oltin har doim bu joyga odamlarning katta oqimi kelishiga sababchi boʻlgan. Kaliforniyada oltin 1848-yilda topilgan va 1849-yilda bu yerda “oltin vasvasasi” deb nomlanuvchi hodisa boshlangan. Xuddi shu narsa 1851-yilda Avstraliyada, 1886-yilda Janubiy Afrikada, 1896-yilda esa Alyaskada oltin topilganda ham sodir boʻlgan.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.